Qahratonda nobud boʻlgan laylak muzey eksponatlari qatoridan joy oldi
Foto: Xalq so‘zi
Qahraton sovuq boshlangan ilk kunlarning birida Guliston tumanidagi Yulduz mahallasida yashovchi Erkin Roʻzimuhamedov oʻz uyi yaqinida ayozdan nobud boʻlgan laylakni topib oldi. Qizlari Adolat, Dilroz va oʻgʻli Poʻlatbek ezgulik va tinchlik timsoli boʻlgan bu qush haqida ota-onalaridan koʻp ertaklar eshitgan edi. Shundanmi, “Muzlab qolgan laylakni uyimizga olib kiramiz, isisa tiriladi”, deb turib olishdi.
Soʻngra Telegram kanallardan birida ushbu hodisa haqida berilgan videolavha orqali xabar topgan Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Zokirjon Xoldorov laylakni mazkur muzeydagi Mirza vohasining hozirda 30 dan ziyod tabiat namunalariga ega hayvonot olami boʻlimiga eksponat sifatida topshirish taklifini bildirdi. Roʻzimuhamedovlar oilasi bu taklifga bajonidil rozi boʻldi.

Shunday qilib, qahratonda halok boʻlgan parranda uzoq yillar tomoshabinlarga Turkiston laylagi haqida maʼlumot beruvchi eksponat sifatida xizmat qiladigan boʻldi. Aytish lozimki, ushbu xayrli ishda isteʼfodagi harbiy xizmatchi Erkin va oliy toifali oʻqituvchi Lobar Roʻzimuhamedovlar hamda ularning jajji farzandlarining munosib hissasi bor.
Shu oʻrinda aytish lozimki, bundan oʻttiz yillar avval laylaklarning qish mavsumida yurtimizda qolishi qayd etilmagan. Ularning qishlashi oʻtgan asrning 90 yillari boshidan buyon kuzatilayotir. Laylaklar Sirdaryo viloyatining Guliston, Sirdaryo, Mirzaobod tumanlarida koʻproq qoʻnim topgan.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring