Qadim Karmana oqova suv tizimiga ega boʻladi

15:48 02 Fevral 2023 Jamiyat
867 0

Foto: Xalq so‘zi

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ona sayyoramizda aholining qirq foizga yaqini suv tanqisligidan aziyat chekmoqda, beshdan bir qismi esa zarur infrastrukturaning mavjud emasligi tufayli ichimlik suvi taʼminoti muammolari bilan yashamoqda.

Oʻtgan yilning boshida Navoiy viloyati aholisining ham sakkiz foizdan ortiqrogʻi ular qatorida boʻlib, qariyb 75 ming kishining suv taʼminotidagi uzoq yillik orzulari ushalmay kelayotgan edi. Boshqacharoq aytsak, viloyatda 2022-yilda barcha manbalar hisobidan ajratilgan 56,6 mlrd.soʻm mablagʻ evaziga 332 km ichimlik suv tarmoqlari tortilib, 18 dona ichimlik suv inshootini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Aholining markazlashgan ichimlik suv taʼminoti bilan taʼminlanganlik darajasi 68,2 foizdan 76 foizga yetkazildi.

–Shuningdek, oʻtgan yili viloyatimizning Qiziltepa, Xatirchi, Navbahor va Nurota tumanlaridagi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan 24 ta qishloq koʻchalariga mahalliy byudjetdan ajratilgan 2 853 mln.soʻm mablagʻlar evaziga jami 58,5 km uzunlikdagi yangi quvurlar tortildi, – deydi “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ matbuot xizmati rahbari Lobar Doʻstova. –Natijada davlat dasturlariga qoʻshimcha ravishda
10 ming nafardan ortiq aholini ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlashga erishildi. Eng muhimi, fuqarolarning murojaatlari asosida jamiyatimiz tomonidan 16,3 km suv quvurlari yotqizilib, olis hududlardagi aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi.

Viloyatning Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFYdagi Eski Tomdi va Rohat ovullari markazdan 300 kilometr olisda joylashgan. Ushbu hududlarda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha hukumat qarori sobiq shoʻro zamonida qabul qilingan boʻlsa- da (1975-yil), qariyb ellik yil turli vaj-karsonlar bilan paysalga solingan edi.

— Qaror qabul qilingani bilan avvaliga aqcha berilmadi, — deya eslaydi tomdilik mehnat faxriysi Jarilqasin Asubayev. — Keyin suv resursi yoʻq deb, javob berishdi. Mana, inson qadri ulugʻlanib, pul ham, suv ham topildi.

Tomdining mazkur ovullariga umumiy uzunligi 29,8 km yangi ichimlik suv quvurlari tortilib, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 6 265,2 mln.soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi.

— Viloyatimizda 2023-yilda barcha manbaalar hisobidan ajratilgan 212,6 mlrd. soʻm mablagʻlar hisobidan jami 774,0 km ichimlik suv tarmoqlari, 27 dona ichimlik suv inshooti qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan, — deydi “Navoiy suv taʼminoti” MCHJ rahbari Otabek Zaripov. — Natijada yil yakuni bilan aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 76 foizdan 81 foizga yetkaziladi hamda 101,1 ming nafar aholi xonadonlarida ilk bor suv chiqa boshlasa, 24,0 ming nafar aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Joriy yilda viloyatda xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi yirik loyihaga qoʻl uriladi. Prezidentimizning 2022-yil 18-martdagi “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida «Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, Karmanada qiymati 30,79 mln. yevroga teng loyiha ishlariga start beriladi.

— Ushbu loyiha doirasida 2022-yil davomida barcha tashkiliy masalalar hal etilib, qarz mablagʻlarini qayta kreditlash bitimi imzolandi, — deya davom etadi O. Zaripov. — Endilikda joriy yilning avgust oyiga qadar qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Mazkur loyiha doirasida Karmana tumanida 117,2 km oqova suv tizimini, 21,3 km bosimli kollektorlar, 12 ta nasos stansiyasi hamda 9 800 m3/sutka quvvatli 1 ta oqava suv tozalash inshootini qurish koʻzda tutilgan.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер