“President cup” uchinchi xalqaro shaxmat turniri gʻoliblari aniqlandi
Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. 20 – 30-noyabr kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “President cup” uchinchi xalqaro shaxmat turniri boʻlib oʻtdi.
Umumiy sovrin jamgʻarmasi 75 ming AQSH dollari boʻlgan mazkur musobaqada 17 ta davlatdan kelgan 250 nafardan ortiq yosh va mohir shaxmatchilar bahs olib bordi. Natijalarga koʻra, hindistonlik grossmeyster Nihal Sarin 7,5 ochko jamgʻarib 1 oʻrin, hamyurtimiz grossmeyster Javohir Sindarov 7 ochko bilan 2 oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, kuchli uchlikni eronlik grossmeyster Mahsudlu Parham 7 ochko bilan yakunlab berdi.
Kecha akademiyada tashkil etilgan taqdirlash marosimida gʻoliblar pul mukofoti va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
— Musobaqa chin maʼnoda murosasiz bahslarga boy oʻtdi, — deydi turnirning 2 oʻrin sohibi, grossmeyster Javohir Sindarov. — Kuchlar deyarli tengma-teng edi, ammo bir harakat hammasini oʻzgartirib yubordi. Yaxshi tayyorgarlik koʻrib, mahoratimizni yanada oshirib, keyingi turnirlarda bundan-da yaxshi natijalarga erishishga harakat qilamiz.
Qayd etish joizki, musobaqada qolgan grossmeysterlarimiz — Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev hamda Ortiq Nigʻmatov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring