Polshaning Velikopolsk voyevodaligida “Oʻzbekiston kunlari” boʻlib oʻtdi
Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Polshaning Velikopolsk voyevodaligida joylashgan Konin shahrida “Oʻzbekiston kunlari” tashkil etildi.
Tadbir Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining uchta asosiy yoʻnalishi – mamlakatdagi siyosiy oʻzgarishlar, iqtisodiy sohadagi islohotlar va turizm sohasini rivojlantirishga bagʻishlandi.
Velikopolsk voyevodaligi — Polshaning 16 mintaqasidan biri boʻlib, mamlakat markaziy qismida joylashgan. U 31 shahar va 226 kommunadan iborat. Voyevodalik hududi boʻyicha mamlakatda ikkinchi, aholi soni boʻyicha esa uchinchi oʻrinda turadi. Hududda qariyb 3,5 million kishi istiqomat qiladi. 2022-yili mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 57,7 milliard dollarga yetdi, bu Polsha yalpi ichki mahsulotining 9,5 foizini tashkil etadi. Voyevodalikda mashinasozlik, konchilik, energetika, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlar ravnaq topgan.
Mintaqa meriyasida Velikopolsk voyevodaligi meri Marek Voznyak, Konin shahri meri Juzev Noviski, oliy oʻquv yurtlari rektorlari va mahalliy OAV xodimlari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev uchrashuv qatnashchilarga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli siyosiy va iqtisodiy islohotlar, jumladan, davlat va jamiyat qurilishi, inson huquqlari, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlar siyosati va gender tengligini taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy investorlarning mahalliy bozorga kirishiga toʻsqinlik qilayotgan eski toʻsiqlarni bartaraf etish va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Konstitutsiya islohoti Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturida eng muhim qadam boʻlgani – Asosiy qonun normalarining 60 foizdan ortigʻi yangilangani, davlatning ijtimoiy funksiyasi mustahkamlangani, Oʻzbekiston Respublikasi dunyoviy davlat sifatida eʼlon qilingani alohida taʼkidlandi.
Voyevodalik meri Marek Voznyak oʻz chiqishida soʻnggi yillarda mamlakatimizda roʻy bergan muhim oʻzgarishlarga yuqori baho berdi. U, shuningdek, jahon miqyosida, jumladan, Polshada ham global va xalqaro muammolarni hal etishning ishonchli hamkori, tashabbuskori sifatida Oʻzbekistonning nufuzi izchil yuksalib borayotganini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston kunlari” doirasida Velikopolsk mintaqasi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda ishtirokchilarga tub, tizimli va izchil islohotlar davrini boshdan kechirayotgan Oʻzbekiston iqtisodiyoti, davlat institutlari tizimidagi oʻzgarishlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi.
Polsha ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari bilan qurilish materiallari va quyosh panellari ishlab chiqarish, yoʻl qurilishi, qishloq xoʻjaligida yangi texnologiyalar transferi, parranda goʻshtini sanoat usulida ishlab chiqarish, mevali ekinlar va rezavor mevalar yetishtirish kabi qator yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga qiziqish bildirishdi.
Voyevodalik ishbilarmon doiralari vakillari joriy yilning kuz faslida Toshkentda “Oʻzbekiston-Polsha” hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishi doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan biznes forumida ishtirok etishga taklif qilindi.
Voyevodalikning asosiy sayyohlik idorasida Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdimoti ham oʻtkazildi. Mamlakatimizda sayyohlikka milliy iqtisodiyotning strategik tarmogʻi maqomi berilgani qayd etildi.
Oʻzbekiston elchisi davlatimiz rahbarining sayyohlik sohasini rivojlantirish, soha infratuzilmasi va meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish borasidagi yangi tashabbuslari haqidagi maʼlumotlarni ham oʻrtoqlashdi. Sayyohlik tizimi davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, globallashuv sharoitida turizm salohiyatidan samarali foydalanish, sohani boshqarishda ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring