Platforma va loyiha taqdimoti oʻtkazildi
Foto: «Халқ сўзи»
Zamonaviy axborot texnologiyalari hayotimizga jadallik bilan kirib kelyapti. Ular odamlar tashvishini yengil qilishga, muammolarga tezroq yechim topishda juda asqatmoqda. Ish samaradorligini oshirmoqda. Shu maʼnoda joylardagi mahalliy Kengashlar faoliyatini elektronlashtirish hayotiy zaruratga aylandi.
Buxoro shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tashabbusi bilan oʻtkazilgan seminar ana shu dolzarb masalaga bagʻishlandi. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari vakillari ishtirok etdilar.
Seminarda xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi tomonidan tayyorlangan “Elektron Kengash” platformasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Raqamli xalq deputatlari Kengashi” loyihasining mazmun- mohiyati haqida atroflicha tushuncha berildi. Ushbu platforma va loyihaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiya raisi T. Madumarov, Oliy Majlis Senati Devoni axborot texnologiyalari boʻlimi mudiri O. Babaqulov va boshqalar zamonaviy axborot texnologiyalarining ishni samarali tashkil etish, onlayn tartibda faoliyat yuritishdagi ahamiyati haqida fikr- mulohaza yuritdilar.
Darhaqiqat, raqamli texnologiyalar deputatlarga davlat hokimiyati boshqaruv idoralari bilan samarali muloqot yuritish, deputatlik soʻrovlari natijadorligiga erishishda qoʻl keladi. Seminar qatnashchilari shuni eʼtirof etgan holda ushbu loyiha va platforma ishini yanada soddalashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.
Xalq deputatlari Vobkent tumani va Kogon shahar Kengashlarida boʻlib, oʻzaro tajriba almashdilar.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring