“PISA” va “PIRLS” tadqiqotlarini oʻtkazish muddatlari oʻzgardi

10:44 26 Iyun 2020 Jamiyat
34322 0

Oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA va boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish savodxonligini baholash boʻyicha xalqaro PIRLS dasturlari doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan tadqiqotlarning muddatlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Eslatib oʻtish joizki, Oʻzbekiston ilk bor ishtirok etayotgan ushbu xalqaro tadqiqotlar doirasida tajriba-sinov jarayonlari 2020-yilning aprel-may oylarida, asosiy tadqiqotlar esa 2021-yilning aprel-may oylarida oʻtkazilishi belgilangan edi. Biroq dunyo boʻylab keng tarqalgan koronavirus bilan bogʻliq pandemiya sharoitida rejalashtirilgan tadqiqotlar vaqtincha toʻxtatilgandi.

Hozirgi vaqtga qadar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD), Taʼlim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) kabi tashkilotlar tomonidan tadqiqotda qatnashuvchi mamlakatlar, dasturning boshqaruv kengashi aʼzolari, xalqaro ekspertlar kengashi va konsorsiumlar hamda mamlakatlardagi Milliy markazlar ishtirokida tadqiqotlarning tashkil etilish muddatlarini belgilash boʻyicha muhokamalar olib borildi.

Muhokama va munozaralardan soʻng “PISA” va “PIRLS” dasturlari doirasida tadqiqotlar oʻtkazilishi yuzasidan quyidagi muddatlarni belgilash boʻyicha xalqaro tashkilotlar tomonidan qarorlar qabul qilindi:

– PISA dasturi doirasidagi tadqiqotlar bir yil muddatga kechiktiriladi. Bunda 2020-yilda moʻljallangan tajriba-sinovlar 2021-yilning aprel-may oylarida, 2021-yilga moʻljallangan asosiy tadqiqot esa 2022-yilning aprel-may oylarida oʻtkaziladi.

– tadqiqotning 3 yillik davriyligini inobatga olgan holda, 2024-yilga moʻljallangan tadqiqotlar ham, oʻz navbatida, 2025-yilga koʻchirildi.

“PIRLS” dasturi doirasidagi asosiy tadqiqot kechiktirilmadi va oʻz muddatida, yaʼni 2021-yilning aprel oyida oʻtkazilishi boʻyicha rejalar oʻz kuchida qoldi. Bunda, 2020-yil aprel oyiga rejalashtirilgan tajriba-sinov jarayonlarini karantin sharoiti barqarorlashgan taqdirda 2020-yilning oktyabr oyiga koʻchirilishi rejalashtirildi.

Taʼkidlash kerak, “PIRLS” dasturi talablariga muvofiq, sinovlar tanlab olingan maktablarning 4-sinflari oʻrtasida oʻquv yilining oxirgi oylarida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Lekin, kutilmagan pandemiya tufayli tajriba-sinovlari istisno tariqasida yangi oʻquv yilining ilk oylarida oʻtkazilishi moʻljallanmoqda. Bunda avval tanlab olingan maktablar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritilmaydi. Yangi rejalashtirilayotgan tajriba-sinov muddatiga koʻra, tanlab olingan maktablarning 4-sinf oʻquvchilari 5-sinfni boshlagan boʻladilar.

Maʼlumki, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda ushbu tadqiqotlarga tayyorgarlik boʻyicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida “PISA” (The Programme for International Student Assessment) Oʻquvchilarni baholash xalqaro dasturi reytingida Oʻzbekistonning 2021-yilda birinchi 70 talikka, 2025-yilda 60 talikka va 2030-yilga kelib esa, birinchi 30 ta ilgʻor mamlakatlar qatoriga kiritish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер