Peshagʻorda bir qarich yerdan uch marta hosil olinmoqda
Jizzaxdan Zominga qarab yurganlar yaxshi bilishadiki, bundan atigi besh yoki olti yil oldin adirlik va qirlardan iborat, osmondan bir tomchi suv tushishiga muhtoj boʻlgan lalmi maydonlar ayni kunlarda katta-katta bogʻ-rogʻlar va uzumzorlarga aylangan. Buning zamirida albatta katta mehnat, qunt va mashaqqat yotadi.
Katta yoʻlning yoqasidan togʻ-yon bagʻrilariga tutashib ketgan Peshagʻor mahallasida yashovchilarning mehnatkashligi, yer bilan tillashishi koʻrib, havasingiz keladi. Bugun mahalla ahli tomorqani shunchaki “bogʻ-rogʻ” emas balki haqiqiy daromad manbaiga aylantirgan.
Qishloq oralab yurib, Oʻktam Boboyevning xonadoniga kirganimizda koʻz oldimizda yam-yashil manzara namoyon boʻldi. 8 sotix yerda tiklangan issiqxonada pomidor va bodringlar xuddi saf tortgan askarlardek gullab yotibdi. Eng muhimi, bu yerda ishlar shunchaki emas, balki ilm bilan, innovatsion agrotexnika asosida yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻktam Boboyev suhbat asnosida shunday deydi:
— Ilgari yerga faqat mavsumda, yomgʻir tushishiga va namga qarab bir marta ekin ekardik, qolgan vaqt yer dam olardi, boʻsh maydonga qoʻy-qoʻzilarni qoʻyib yuborardik. Hozir zamon oʻzgardi, endi tadbirkorlik bilan ish tutyapmiz. Yiliga bir qarich yerdan ikki, uch marta hosil olyapmiz. Bu ham roʻzgʻorning kam-koʻstiga, ham farzandlar, nevaralarning oʻqishiga, uylantirish, qiz chiqarish toʻylariga kattagina madad. Mehnatdan qochmasang, yer seni hech qachon quruq qoʻymaydi. Hozir bodringni orqasidan pomidorni boshlayapmiz.
Darhaqiqat, Peshagʻordagi bu tajriba togʻli va adirlikda joylashgan hududlar uchun oʻrnak boʻlgulik. Oila nafaqat oʻzini sabzavot bilan taʼminlamoqda, balki tuman, viloyat bozorlariga mahsulotlar chiqarib, qoʻshimcha daromadlar ham topyapti. Bu degani – mahallada tadbirkorlik rivojlanyapti, roʻzgʻorlar but boʻlyapti.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring