Pedagoglar Uchinchi Renessans poydevorining asoschilari boʻlmogʻi lozim

11:34 07 Fevral 2024 Jamiyat
531 0

Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlardan koʻzlangan pirovard maqsadga erishishda taʼlim sohasida olib borilayotgan koʻlamli ishlarni taʼkidlab oʻtishimiz lozim. Taʼlim sohasida yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallashlariga qaratilgan tub oʻzgarishlar va islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, umumiy oʻrta taʼlim sifatini tubdan oshirish, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish hamda yoshlarga taʼlim berishni yangi sifat darajasiga koʻtarish masalasi bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida kelajagimiz ertasi boʻlgan yoshlarni tarbiyalash masalasiga toʻxtalib, “biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustuni boʻlib xizmat qilishi lozim. Ushbu maqsad yoʻlida yoshlarimiz oʻz oldiga katta marralarni qoʻyib, ularga erishish uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama koʻmak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa boʻlmogʻi darkor. Shundagina yosh avlod xalqimizning asriy orzu-umidlarini roʻyobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi. Yurtboshimiz “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshiramiz” deb taʼkidlagan edi. Ushbu murojaatda ilgari surilgan tashabbuslarning asosi sifatida yosh-avlodni tarbiya qilishda eng muhim kasb egalari boʻlgan pedagoglarni qonunan himoya qilish uchun 2024-yil 1-fevral kuni 21 moddadan iborat “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-901-son Qonunining imzolanishi biz pedagoglar uchun katta gʻurur, sharaf hissini uygʻotdi.

Ushbu qonunda pedagogning kasbiy faoliyati, huquqlari, majburiyatlari, pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash hamda ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, pedagoglarni ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish kabi normalarning belgilab olingani ham pedagoglar uchun baralla “men – pedagogman”, “men – ertangi kun poydevorini quradigan yoshlar murabbiyiman” degan tuygʻuni qalbimizda his ettirmoqda.

Pedagog bu, kelajak bunyodkorlari boʻlgan, bolalar va yoshlarni tarbiyalash va oʻqitish bilan shugʻullanuvchi, shu soha boʻyicha maxsus tayyorgarlikka ega boʻlgan buyuk kasb egasi hisoblanadi. Pedagog kelajak avlodni tarbiyalaydi, uni har tomonlama barkamol shaxs qilib voyaga yetkazadi.

Shu oʻrinda, Abu Rayhon Beruniyning yosh-avlodni tarbiyalashda uch narsa muhim rol oʻynaydi, degan taʼlimotini keltirib oʻtmoqchiman. Yosh avlod: 1. Irsiyat. 2. Muhit. 3. Tarbiya deb taʼkidlaganlar. Abu Nasr Forobiy taʼlim-tarbiyada ragʻbatlantirish, odatlantirish, majbur etish metodlarini ilgari surgan. Har ikkala usul ham pirovardida insonni har tomonlama kamolga yetkazish maqsadini koʻzlaydi.

Prezidentimiz tomonidan ushbu qonunning imzolanishi kelajak avlod yoshlarini tarbiyalashda biz pedagoglar oldiga juda katta vazifalarni qoʻygani bilan ham ahamiyatlidir.

Shuning uchun ham, taʼlimning demokratiyalashtirish, insonparvarlashtirish, ijtimoiylashtirish, taʼlim oluvchilarning sifatli taʼlim xizmatlaridan foydalanishda malakali pedagog kadrlarni tayyorlash oldimizda turgan asosiy omil boʻlmogʻi lozim.

Xolboy Ibraimov,

T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika

fanlari ilmiy tadqiqot instituti direktori,

pedagogika fanlari doktori, akademik

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер