Parrandachilik ortidan daromad koʻrayotgan tadbirkor
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Olot tumanida istiqomat qiluvchi Zokirjon Sodiqov bundan uch yil muqaddam yovvoyi gʻoz, oʻrdak, tustovuq parvarishlab, ularni koʻpaytirishga kirishgandi. Shunchaki havas yoʻliga qilingan bu ish tashabbuskor yigitni yiliga salkam bir milliard soʻm daromad topadigan tadbirkorga aylantirdi.
— Risoladagidek parvarishlangan bir bosh gʻozni bir million soʻmga, tuxumining donasini yigirma ming soʻmga sotyapmiz, — deydi tadbirkor Zokirjon Sodiqov. — Hududimizdan oʻtgan zovurning 600 metrli qismi biz uchun ajratilgan. Baliqchilikni ham yoʻlga qoʻyganmiz. Oʻn nafar ishchimiz bor. Bugungi kunga kelib noyob turdagi parrandalarimiz soni 1200 boshga yetdi. Ularning bozori chaqqon.
Yurtimizda necha yuz chaqirimga choʻzilgan zovurlar-u zaxkashlar benihoya koʻp. Agar omilkorlik bilan foydalanilsa, ular bitmas-tuganmas xazinaga aylanishi tayin. Zokirjon Sodiqovning tajribasi xuddi shuni koʻrsatmoqda. Darvoqe, izlanuvchan bu yurtdoshimiz noyob va kamyob yovvoyi qushlar-u parrandalarni jamlab tuman markazida jonli burchak tashkil etmoqchi. Shu orqali u oʻgʻil-qizlarni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashdek xayrli ishga hissa qoʻshish niyatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring