Parlamentni isloh qilish taklif qilindi
Toshkent davlat yuridik universitetida “Konstitutsiyaviy oʻzgarishlar — olimlar nigohida” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya davom etmoqda.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda, Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qoʻllaniladi.
Bu qoidalarning oʻrnatilishi davlatimizning xalqaro majburiyatlariga sodiqligini, xalqaro hamjamiyat koʻz oʻngida ishonchli hamkor sifatida namoyon boʻlishida, pirovardida davlatimizning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Qayd etilganidek, muhokamalarga boy boʻlgan tadbirda TDYU kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori, professor Ixtiyor Bekov soʻz olib, Oliy Majlis faoliyatini isloh qilishda har ikki palata konstitutsiyaviy vakolatlarida takrorlanishlarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Uning fikricha, bu boradagi xorijiy tajriba tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, ularda parlamentning quyi palatasi “siyosiylashgan” palata hisoblanib, siyosiy partiyalar fraksiyalari uchun siyosiy maydon hisoblanadi va aksariyat davlatlarda hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish bevosita quyi palataning vakolatiga kiradi. Yuqori palatalar esa asosan hududlar manfaatini himoya qilish, mahalliy hokimiyat organlari manfaatlarini ifodalash, tashqi siyosat, huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat va maxsus xizmat idoralari faoliyatini nazorat qilishga yoʻnaltirilganini qayd etib, Konstitutsiya loyihasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining vakolat va masʼuliyat sohalarini aniq chegaralashni taklif etdi.
Mazkur oʻzgartishlar parlament faoliyatida paralelizmga yoʻl qoʻymaslik va har ikki palata ishi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring