Parlament so‘roviga kelgan javob ko‘rib chiqildi
2024-yil 22-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ikkilamchi ijaraga berish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi. Shuningdek, parlament nazorat-tahlil faoliyatiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Dastlab, Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.Xudayarovning “Mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlarning ulgurji va chakana savdosi holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasi parlament so‘roviga yuborgan javobi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur parlament so‘rovi 2023-yil 15-dekabr kuni yuborilgan edi. Taqdim etilgan javobga ko‘ra, respublikada bugungi kunda dori vositalarini ulgurji realizatsiya qilish uchun 538 ta korxona, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun 15 250 ta dorixona litsenziyaga ega va faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, 2023-yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan dori vositalarining narxi “FAIR TECH” yagona axborot tizimida dori vositalarining ulgurji va chakana savdosidagi narxlarni referent narxlar bilan avtomatik tarzda solishtirish hamda huquqbuzarliklarni aniqlash imkoniyati yaratilganligi ko‘ratilib o‘tilgan.
Fraksiya a’zolari tomonidan parlament so‘roviga kelgan javobda dori vositalari va tibbiy buyumlar narxlari, ularni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy buyumlarning sifati, samaradorligi va xavfsizligiga doir tahliliy ma’lumotlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring