Parkentga poyezd keldi
Parkent – betakror yurtimizning sayyohlik salohiyati rivojlanib, aholining turmush farovonligi yanada ortib borayotgan soʻlim maskanlaridan biri. Endilikda farovonlik yangi bu manziliga temir yoʻli orqali ham borish imkoniyati yaratildi.
Baytqoʻrgʻon – Parkent temir yoʻli qurib bitkazildi. Temir yoʻlda bir kunda 275 ming nafargacha yoʻlovchini tashish mumkin. Uzunligi 23,8 kilometrdan iborat boʻlgan temir yoʻlida 3 ta koʻprik, 1 ta avtomobil yoʻl oʻtkazgichi, 76 ta suv oʻtkazish inshooti va 16 ta avtomobil yoʻli hamda temir yoʻl kesishmalari qurildi. Shuningdek, “Parkent” temir yoʻl stansiyasi va 50 oʻrinli yoʻl vokzal ham barpo etildi.

– Yaqin-yaqingacha ham bu yerga poyezd keladi, desa odamlarning tasavvuriga sigʻmas edi, – deydi parkentlik mehnat faxriysi Mirhoji Mirhalilov. – Bugun esa tasavvurga sigʻmas islohotlar koʻz oʻngimizda sodir boʻlyapti. Parkentimizda yangi shaharchaning qurilishi va yangi temiryoʻlning yotqizilishi bizni juda xursand qildi. Odamlarning hayotiga, tafakkuriga yangilik, yangi nafas olib kirdi.
Umumiy qiymati 224,1 milliard soʻmlik Baytqoʻrgʻon – Parkent temir yoʻli liniyasining qurilishi va zamonaviy poyezdlarning harakatlanishi tez orada Toshkent viloyatidagi yana bir soʻlim maskanda turizm imkoniyatlarini oshirish va odamlar uchun qulaylik yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring