Oʻzimiz aziyat chekib qolmaylik
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda tibbiyot sohasining rivojlanishi sogʻliqni saqlash borasidagi yutuqlarga sabab boʻlmoqda. Ayniqsa, tibbiy xizmat koʻrsatish jarayoni har bir xonadongacha kirib borgani eʼtirofga molik.
Biroq oyning-da yuzida dogʻ boʻlgani kabi muammolar ham yoʻq emas. Andijon viloyatida 850 dan ortiq davolash va tibbiyot muassasalari mavjud boʻlib, ulardan bir yilda oʻrtacha 1240 tonna chiqindi hosil boʻladi. Shundan 514 tonnasi maxsus korxonalar tomonidan utilizatsiya qilinsa-da, qolgan qismi maishiy chiqindilarga aralashtirilgan holda tashlab yuborilmoqda.
— Chiqindini utilizatsiya qilish boʻyicha noqonuniy faoliyat olib borayotgan korxonalar ham yoʻq emas, — deydi Andijon viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi xodimi Lochinbek Isomiddinov. — Ularning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qoʻyish orqali atrof-muhitga, insonlar salomatligiga jiddiy zarar yetkazilishining oldini olish mumkin. Ana shu maqsadda viloyatdagi 110 ta sogʻliqni saqlash va tibbiyot muassasalarida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Natijada ayrim tibbiyot muassasalarida chiqindilarni qoʻlbola usulda tayyorlangan, amaldagi talablarga javob bermaydigan moslamalarda utilizatsiya qilish yoki maishiy chiqindilarga qoʻshib yuborish holatlari ham kuzatildi. Bu kabi hodisalarga barham berish maqsadida 39 nafar mansabdor va 55 nafar masʼullarga nisbatan 92,5 mln. soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.
Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, bir kishi bir kunda 650-750 gramm miqdorida chiqindi hosil qiladi. Buni korxona-tashkilotlar misolida hisoblaydigan boʻlsak, ancha kataklarni toʻldirishga toʻgʻri keladi. Biroq gap ularning miqdorida emas, balki yetkazadigan zarardadir. Shunday ekan, chiqindilarni zararsizlantirish, yoʻq qilish jarayoniga har birimiz masʼul boʻlmogʻimiz kerak. Aks holda, oʻzimiz hosil qilgan zarardan oʻzimiz aziyat chekishimiz muqarrar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring