Oʻzboshimchalik qimmatga tushdi

11:41 21 Avgust 2020 Jamiyat
718 0

Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 90-moddasiga asosan, yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Jumladan, “Yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, qishloq xoʻjaligi va boshqa yerlarni yaroqsiz holga keltirish, ularni kimyoviy va radioaktiv moddalar, ishlab chiqarish chiqindilari va oqava suvlar bilan ifloslantirish, yerlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan obyektlarni joylashtirish” singari holatlar sodir etilganda aybdor shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

Ammo koʻrilayotgan choralarga qaramasdan, qishloq xoʻjaligi korxonalari hamda fuqarolar tomonidan yer resurslaridan qonunga zid tarzda foydalanish, oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirish singari holatlar uchrab turibdi. Mazkur noqonuniy xatti-harakatlar sababli yerning unumdor qatlamiga jiddiy zarar yetkazilayotgani ham sir emas.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasining Toyloq tuman boʻlimi xodimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring-tahlil tadbirlari davomida qator qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Jumladan, Toyloq tumani Xoʻjayuz mahallasida istiqomat qiluvchi uch nafar fuqaro hech qanday hujjatsiz, «Bogʻizogʻon» agrosanoat firmasi hududida faoliyat koʻrsatib kelayotgan “Musoxon Ziyoxon” fermer xoʻjaligiga ijaraga berilgan 1090-raqamli dala konturidagi sugʻoriladigan yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab, noqonuniy ravishda uy-joy qurib olib, yer maydonini qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqarishi oqibatida davlatga jami 43 million 358 ming 773 soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan Inspeksiyaning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

Mazkur holat yuzasidan Toyloq tumanlararo fuqarolik sudida daʼvogar hamda javobgarlar ishtirokida sud jarayoni boʻlib oʻtdi. Unda sudning hal qiluv qarori qabul qilinib, javobgarlar hisobidan davlat foydasiga 43 million 358 ming 773 soʻm miqdordagi yetkazilgan zarar va davlat boji undirilishi belgilandi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер