Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari boʻyicha xatlov boshlandi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 5-avgust kuni imzolangan “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun xalqimiz kutgan eng muhim hujjatlardan biri boʻldi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida huquqiy hujjatlari yoʻq yoki toʻliq boʻlmagan 487 mingdan ortiq yer uchastkasi mavjud. Mulk hujjatlarini rasmiylashtirish, yaʼni meros olish, kimgadir hadya qilish, boshqa birovga sotish boʻyicha ham muammolar yetarlicha. Tadbirkorlarda ham yerga egalik masalasida hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar koʻp. 8-noyabrdan oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari boʻyicha xatlov boshlandi.
— Hozirgacha huquqlarni eʼtirof etish masalasida jami 5-marta “aksiya” eʼlon qilindi, — deydi Kadastr agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Yashnar Davronov. — Oʻrganishlar jarayonida viloyatimizda huquqiy hujjatlari yoʻq yoki toʻliq boʻlmagan 487 mingdan ortiq yer uchastkasi aniqlandi. Bu yer uchastkalarining har biri oʻrtacha 3-4 nafardan fuqaro va tadbirkor hayoti, faoliyatiga daxldor boʻlsa, demak bu galgi huquqlarni eʼtirof etishda 1,5 milliondan ziyod aholining muammosi hal boʻladi. Endi ular yillar davomida oʻzlariga tegishli boʻlgan yer uchastkalari va ularda qurilgan binolarni qonuniylashtirib olishlari mumkin.
Ammo bu jarayon koʻpchilik kutayotganidek tez va birdaniga amalga oshib qolmaydi. Qonun bilan hujjatsiz yer va bino-inshootlarni qonuniylashtirishning tartib-tamoyillari belgilangan. Yangi qonun bilan 8 holatdagi yer uchastkalariga va ulardagi binolar uchun huquqlarni rasmiylashtirishga imkoniyat yaratildi. Yaʼni, 2018-yil 1-mayga qadar oʻzboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan uy-joylar, hisob-kitoblarga koʻra, viloyatda 78,5 ming gektarga yaqin yer maydonida joylashgan 425 ming 500 dan ortiq obyektni tashkil etmoqda. Fuqarolar, yuridik shaxslar va YATTlar tomonidan huquqiy hujjatda koʻrsatilganidan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar 5 ming gektarda joylashgan 51 ming 914 ta obyektni oʻz ichiga oladi. Vazirlar Mahkamasining 461-sonli qarori asosida “Bir martalik umumdavlat aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan uy-joylar soni 8,5 mingdan ortiq boʻlib, bular qariyb 2 ming gektar yer maydonida joylashgan uy-joylar hisoblanadi.
Qonun bilan yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan boʻlsa – 0,24 gektargacha, 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmgacha eʼtirof etiladi. Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo boʻlmasa, dehqon xoʻjaligi yoki tomorqa xoʻjaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Turar joylar, xususiylashtirilgan yoki mulk huquqi eʼtirof etilgan bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga huquqlarni eʼtirof etish uchun bir martalik toʻlov miqdorlari Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 baravari, Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari, viloyatlar boʻysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari, boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari miqdorida belgilangan.
Qonun bilan I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yigʻim toʻlagan shaxslar toʻlovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.
“Oʻzboshimchalik bilan egallangan”, degan soʻz faqatgina noqonuniy maʼnosini anglatmaydi. Qonunchilikda hujjatlari saqlanib qolinmagan yer yoki bino-inshootlarga nisbatan ham “oʻzboshimchalik bilan egallangan” degan taʼrif qoʻllaniladi. Masalan, oʻtgan asrda ajratilgan yerlarning koʻpi shunday holatda, yaʼni qaysidir sabablarga koʻra hujjatlari saqlanmagan. Hozirgi kunda Samarqand viloyatidagi 425 mingdan ortiq uy-joy shu holatda turibdi. Ularning barchasi tegishli tartibda oʻrganilib, qonuniy yechimlari beriladi.
Fuqarolardan faqatgina vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yoʻllar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar”dan ogoh boʻlish talab etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring