Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi: Siyosiy partiyalar fraksiyalari ushbu masalaga qanday qaraydi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 28-aprel kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida siyosiy partiyalar fraksiyalari Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi masalasini xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, oʻta masʼuliyat bilan jiddiy yondashgan holda koʻrib chiqishdi.
Fikr-mulohazalar turlicha, munosabatlar har-xil. Konstruktiv taklif va yakuniy xulosalar qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari ushbu dolzarb masala yuzasidan oʻz pozitsiyalarini quyidagicha bayon qilishdi.
Aktam HAITOV, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— Har qanday iqtisodiy hamkorlik mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, ularning tannarxini pasaytirish, yangi texnologiyalarni olib kirish, tranzit savdosini kengaytirish va bozor islohotlarini faol rivojlantirishga xizmat qiladi. OʻzLiDeP dunyoda vujudga kelayotgan hozirgi sharoitda Oʻzbekiston iqtisodiyoti ham xalqaro ishlab chiqarish tizimiga, dunyo bozori va iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy talablariga mos boʻlishi kerak, deb hisoblaydi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik masalasi boʻyicha xulosaga kelishda partiyamiz yetakchi mustaqil konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrganishlari natijalari, xorijiy va mahalliy ekspertlar xulosalari, tegishli vazirlik va idoralar fikr-mulohazalari kabi jiddiy tahliliy bazaga asoslandi.
Fraksiyamiz saylovoldi dasturidan kelib chiqib, YEOII bilan hamkorlik oʻrnatilishining ijobiy tomonlari sifatida yuzaga keladigan bir qator afzalliklarga toʻxtalib oʻtish joiz. Bular tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng imkoniyatlarni yaratish va ichki bozorning monopollashuviga yoʻl qoʻymaslik. Mamlakatning innovatsion rivojlanish, “bilimlar iqtisodiyoti” va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish yoʻlidan jadal harakatlanishini taʼminlashga hamda Tashkilotga aʼzo davlatlarning tadbirkorlari oʻrtasida kooperatsiya va klasterlarning shakllanishi, mamlakatda ilm-fan, ishlab chiqarish integratsiyasini oshirishga xizmat qiladi.
YEOII bilan hamkorlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ittifoqqa aʼzo mamlakatlarga bojxona toʻlovlarisiz eksport qilish hamda tashqi investitsiya jalb qilish orqali sohani modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish imkoniyatini ham beradi.
Shu bilan hamkorlikning xatarli jihatlari ham mavjud. Masalan, ittifoq hududida yagona bojxona tarifi qoʻllanilishi sababli sanoat korxonalarini modernizatsiyalashda talab etiladigan ilgʻor texnologik uskunalarning uchinchi davlatlardan importi qiyinlashuvi natijasida neft-gaz, elektroenergetika, kimyo, oziq-ovqat va boshqa sohalarida rejalashtirilgan yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda muammolar kelib chiqishi mumkin. YEOII bilan integratsiyalashuv mamlakat avtomobilsozlik sanoatining raqobatbardoshligi va uning kelajakdagi rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, buning natijasida esa minglab ish oʻrinlari yoʻqotilishi ehtimoli katta.
OʻzLiDeP fraksiyasi Oʻzbekistonning YEOII bilan boʻladigan munosabatlarda yuzaga keluvchi talablar va xavflarni toʻla hisobga olgan holda qaror qabul qilinishi tarafdori. Mazkur hamkorlik mamlakatning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan aloqalariga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi hamda xalqaro miqyosdagi majburiyatlarni toʻla bajarish imkoniyatini berishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, milliy va xalqaro qonunchilik doirasida chuqur oʻrganishlar tashkil qilinishi lozim boʻladi.
OʻzLiDeP iqtisodiy rivojlanish nuqtayi nazaridan, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishning ilk bosqichida “kuzatuvchi davlat” formatidan foydalanish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Alisher QODIROV, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— Dunyoda hech qaysi bir davlat oʻz qobigʻiga oʻranib olib rivojlanmaydi, ortiqcha muhofazakorlik oʻsishga toʻsqinlik qiladi. Biz bu yoʻlni ham sinab koʻrdik, natijadan boshimiz osmonga yetgani yoʻq. Biz manfaatlarimizga mos keladigan har qanday hamkorlikka tarafdormiz.
YEOII bilan hamkorlik masalasi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasida aynan shu qarash bilan batafsil tahlil qilindi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan tahlil natijalarini ham puxta oʻrganib chiqdik. Hukumat soati va parlament eshituvi orqali masalaga masʼul vazirlik hamda idoralardan aniqlashimiz kerak boʻlgan jihatlar bilan oydinlik kiritib oldik. Fraksiyamizning oʻzida ham koʻpgina muhokamalar boʻldi va koʻpchilik ovoz bilan yakuniy xulosaga kelindi.
Hozirgi sharoitda Oʻzbekiston YEOII bilan integratsion hamkorlikka tayyor emas, deb hisoblaymiz. Bu xulosaga kelishimizga sabab boʻlgan ayrim jihatlarni aytib oʻtaman:
Birinchidan, bu hamkorlik xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz daromadini oshirishi mumkin, lekin iqtisodiyotimizning deyarli barcha tarmoqlarida malakali milliy kadrlarni yoʻqotishga olib keladi. Buni oʻrta va uzoq istiqbolda milliy iqtisodiyotimiz uchun ijobiy signal, deb boʻlmaydi;
Ikkinchidan, yagona boj tarifi 6 mingga yaqin tovarlarda boj stavkalarini oʻzgartirishni talab qiladi. Bu silkinish bosqichma-bosqich, imtiyozlar bilan amalga oshirilgan taqdirda ham milliy iqtisodiyotimizga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shu bilan birga, muhim investitsion loyihalarning amalga oshmasligiga ham sabab boʻlishi mumkin;
Uchinchidan, YEOIIda amaliyotda boʻlgan 48 ta texnik reglamentning bor yoʻgʻi 5 tasidan xabardormiz, 14 tasida amaldagi reglamentlar bilan jiddiy tafovutlar bor, 29 ta reglament esa bizda umuman mavjud emas.
Qolaversa, biz dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba boʻlishi kutilayotgan pandemiyadan keyingi davr qanday tus olishi haqida tasavvurga ega emasmiz. Koʻpgina xalqaro ekspertlar post pandemik davr davlatlararo tuzilmalar uchun juda ogʻir sinov boʻladi, degan fikrni ilgari surishmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirining Katta yigirmatalik va Yevropa ittifoqi bilan bir qatorda YEOII va MDHni ham qayta tafakkur qilinishi kerakligi haqidagi fikrini eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, fraksiyamiz aʼzolari bugungi sharoitda Oʻzbekistonni YEOIIga aʼzo mamlakatlar bilan amaldagi ikki tomonlama hamkorlik munosabatlarini yana-da rivojlantirgan shaklda davom ettirishni eng toʻgʻri yoʻl, deb hisoblaydi.
Narimon UMAROV, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— Fraksiyamiz deputatlari tomonidan Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti uchun oʻta muhim masala, deb qayd etilmoqda.
Fraksiyamiz muhokamasida hamkorlikning ijobiy va salbiy jihatlari chuqur va atroflicha tahlil qilindi. Eng avvalo, uning ijobiy jihatlariga eʼtibor qaratildi. Jumladan, mamlakatimizning YEOIIga aʼzo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorligi kelgusida yaxshi natija beradi. Chunki bu davlatlar neft, gaz qazib olish va ularni qayta ishlash boʻyicha dunyoda yetakchi hisoblanadi. Yana bir muhim jihat transport-kommunikatsiya sohasidagi imkoniyatlarimiz sezilarli darajada kengayadi, sanoat mahsulotlarimizning Ittifoqqa aʼzo mamlakatlar orqali tranzit hajmi yana-da ortadi. Taʼlim, ilm-fan va sogʻliqni saqlash sohalari boʻyicha hamkorlik ijobiy samara koʻrsatadi. Davlatimiz rahbarining saʼy- harakatlari bilan yurtimizda Rossiya va Belarus OTM filiallari samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmoqda.
Sogʻliqni saqlash sohasida ham barchamiz guvoh boʻlayotganimizdek, koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimiz Prezidentining topshiriqlari asosida Rossiyaning yetuk mutaxassislari bilan uzviy aloqalar oʻrnatildi va samarali natijalarga erishilyapti.
Shu bilan birga, fraksiyamiz aʼzolari hamkorlikning salbiy taʼsiri boʻyicha ham ayrim fikrlarni ilgari surishdi. Masalan, YEOIIga aʼzo boʻlish mamlakat sanoatining qator tarmoqlari rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Xususan, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan avtomobilsozlik, oziq ovqat, farmatsevtika va boshqa sohalar 2 mlrd. AQSH dollari atrofida yoʻqotishi prognoz qilinmoqda.
Oʻzbekiston YEOII davlatlari bilan tashqi savdo siyosatini yetarlicha muvofiqlashtirish quvvatiga ega emas. Sababi, Ittifoq qoidalarini buzgan davlatni ittifoq sudiga berish kabi oʻta muhim vakolat belgilanmagan. Demak, istiqbolda tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida halol raqobat muhitini buzish holatlari boʻyicha nizolarni bartaraf etish mexanizmi mavjud emas.
Batafsil muhokamalardan soʻng, fraksiyamiz aʼzolari tomonidan Oʻzbekistonning hozirgi rivojlanayotgan iqtisodiyotini inobatga olgan holda, kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishi maʼqullandi.
Ulugʻbek INOYATOV, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— YEOII bilan kelgusida hamkorlik natijasini baholash, prognoz qilish — nihoyatda murakkab va qiyin jarayon.
Fraksiyamiz ushbu jiddiy masalada oʻzining elektoral manfaatlaridan voz kechib, birinchi navbatda, davlatimiz, xalqimiz va millatimizning umumiy manfaatlaridan kelib chiqish hamda barcha fuqarolarimizning xohish-irodasiga tayanish lozim, deb hisoblaydi.
OʻzXDP fraksiyasi tomonidan ushbu dolzarb masalaning muhokamasi tegishli vazirliklar, tashkilotlar hamda partiya faollari ishtirokida tashkil etildi.
Alohida taʼkidlash lozimki, Qonunchilik palatasi Ishchi guruhi tomonidan ishni samarali tashkil qilinishi, siyosiy partiyalar fraksiyalari uchun mazkur dolzarb masalada oʻz pozitsiyasini shakllantirishida katta yordam boʻldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, fraksiyamiz YEOII bilan hamkorlik qilish yuzasidan quyidagilarni taʼkidlaydi.
Birinchidan, YEOII bilan hamkorlik Oʻzbekiston uchun mehnat migratsiyasidagi mavjud muammolarni hal etishda yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Ayniqsa, ushbu tashkilotga kiruvchi mamlakatlarda ishlab yurgan millionlab mamlakatimiz fuqarolarining ijtimoiy himoyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Shuningdek, fuqarolarimizning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi, jumladan, pensiya tayinlashda mehnat staji inobatga olinishi, ularning farzandlari taʼlim va tibbiy xizmat olish huquqiga ega boʻladi.
Ikkinchidan, bugungi kunda, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish strategik vazifa qilib belgilangan. Buning uchun salohiyatli va barqaror isteʼmol bozori zarur boʻladi.
Taʼkidlash lozimki, tashkilot bilan hamkorlik transport xarajatlarini kamaytirish, tarifsiz toʻsiqlarni optimallashtirish, toʻqimachilik va trikotaj sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar eksportini amalga oshirishda biz uchun YEOII mamlakatlari salohiyatli va barqaror bozor boʻlishi mumkin.
Fraksimiz amalga oshirilgan oʻrganishlardan kelib chiqib, YEOII bilan hamkorlik borasidagi tahlillar, turli prognozlar amalda oʻzini oqlamasligi mumkin, deb hisoblaydi.
Xalqimizning, davlatimizning manfaatlariga bevosita taʼsir etuvchi bunday dolzarb masala yuzasidan qaror qabul qilishda tavakkalchilikka yoʻl qoʻyish aslo mumkin emas. Demak, Oʻzbekiston YEOIIga aʼzo boʻlish yoki boʻlmaslik masalasida barcha ehtimoliy omillarni kuzatib va chuqur tahlil qilib borish lozim. Buning uchun, muammolarni bevosita tashkilotning ichida turib oʻrganish lozim. Shundan keyin, oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, kelgusida tegishli qaror qabul qilinishi mumkin boʻladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, fraksiyamiz Oʻzbekiston YEOIIda kuzatuvchi davlat maqomiga ega boʻlishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Boriy ALIXONOV, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari:
— YEOII faoliyatini ekologik hamkorlik nuqtayi nazaridan koʻrib chiqish ayni paytda juda muhimdir.
Tahlillarga koʻra, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga integratsiyalashuv nafaqat iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, balki tabiatni muhofaza qilish sohasidagi vazifalarni hal etish uchun ham muayyan ishlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Chunki iqtisodiy aloqalar tabiiy resurslardan foydalanilmasdan rivojlanmaydi.
Yana bir muhim jihatlardan biri shundaki, iqtisodiy va savdo aloqalarining yaxshilanishi atrof-muhitga hamda aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan, oʻzaro mutanosib boʻlishi lozim.
Ammo, bunday globallashuv moliyaviy-iqtisodiy mezonlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, degani emas. Koronavirus pandemiyasi natijasida yuzaga kelgan jahondagi voqelik insoniyatni kelgusidagi rivojlanishni qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Endilikda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida qulay ekologik muhitni taʼminlashga alohida eʼtibor berilishi lozim.
Lekin, YEOII shartnomasida mamlakatlar oʻrtasidagi ekologik munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus boʻlim mavjud emas. Faqat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Kelishuv mavjud. Mintaqaviy darajada ekologik munosabatlarni tartibga solish boʻyicha esa ikki tomonlama bitimlar imzolangan xolos.
Mavjud ekologik muammolar Ittifoqqa aʼzo davlatlarning barqaror rivojlanishiga muayyan toʻsiqlarni qoʻyadi. Bu indekslar dinamikasi, yaʼni jamiyatning barqarorligi, ekologik samaradorlik va taraqqiyot koʻrsatkichlaridir. Biroq sayyoramizda atrof-muhitni muhofaza qilish muammosi dunyo mamlakatlari faqat birgalikda hal qilishi mumkin boʻlgan vazifadir.
Oʻzbekistonning YEOII kabi integratsion birlashmalar tomon harakatlanishi obyektiv jarayon. Fraksiyamiz bu jarayon kuzatuvchi maqomidan boshlab, turli sohalarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nomuvofiqliklarni asta-sekin bartaraf etgan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
Oʻzbekistonning YEOIIga kirishi mamlakatning yagona tashqi siyosatini amalga oshirish bilan bir qatorda, xalqimizning turmush darajasini va farovonligini oshirishga hamda ekologik xavfsizligini taʼminlashga ham mos kelishi darkor.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring