Oʻzbekistonliklar oila toʻgʻrisida: tasavvurlar va ustuvorliklar

23:55 13 May 2022 Jamiyat
1214 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Oila — baxt qoʻrgʻoni. U insonga onalik va otalik saodatini hadya etadi, yosh avlodning xulq-atvori va hayotiy qadriyatlarini tarbiyalaydi. Vatan ichra moʻjaz vatan jamiyat taraqqiyotida, yoshlar tarbiyasida va keksa avlodni qoʻllab-quvvatlashda katta ahamiyatga ega.

15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi “Oʻzbekistonliklar oila toʻgʻrisida: tasavvurlar va ustuvorliklar” mavzuida telefon soʻrovi oʻtkazdi. Soʻrovda mamlakatimizning barcha hududidan yurtdoshlarimiz — erkaklar va ayollar, yoshlar va keksalar, shahar va qishloqda yashovchilar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda oila institutini, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va rivojlantirish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, demografik taraqqiyotni ragʻbatlantirish, oilalardagi tarbiyaviy salohiyatni, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

Oʻtkazilgan jamoatchilik fikri soʻrovi oila har bir inson uchun asosiy qadriyat ekanligini tasdiqlaydi. U fuqarolarni hayotiy faollikka, muvaffaqiyatli ishlashga, yangi yutuqlarga undaydi, qiyinchiliklarni yengib oʻtish va yangi yuqori marralarga erishishda yordam beradi.

Oʻzbekistonliklarning ijtimoiy ongida oila jamiyat va davlatning asosini ifodalaydi. Koʻpchilik fuqarolarning fikricha, jamiyat va davlat yaxlitligini taʼminlash va mustahkamlash, mamlakatda tinchlik va farovonlik uchun mustahkam poydevor yaratish oilaning asosiy maqsadi va ijtimoiy vazifasidir. Soʻrov davomida fuqarolar oila orqali avlodlar almashinuvi yuz berishini, inson tugʻilishi va uning nasli davom etishi, bolalarning birlamchi ijtimoiylashuvi va tarbiyasi, keksalar va yordamga muhtojlarga gʻamxoʻrlik qilish kabi olijanob vazifalar amalga oshirilishini taʼkidladi.

«Fikringizcha, soʻnggi yillarda oila ijtimoiy instituti oʻzgardimi?” degan savolga har ikkinchi respondent oila “mustahkamlandi va yanada barqarorlashdi”, deb javob berdi. Fuqarolar fikricha, bunga davlatning oilalar turmush darajasini yaxshilash va saqlash, farovonligini oshirish, jamiyatda anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish, oilalarga xizmat koʻrsatish ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, mediatsiya va oilalarga psixologik yordamni, jumladan, mahallalarda koʻrsatish bilan bogʻliq loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan yangi ijtimoiy siyosatini joriy etish yordam bermoqda.

Soʻrovda chinakam mustahkam, baxtli va farovon oilani yaratish uchun qanday sharoitlar zarurligi oʻrganildi. Olingan maʼlumotlarga muvofiq, ishtirokchilar er-xotinning oʻzaro muhabbati va hurmati, ularning “birgalikda hayot kechirish, qiyinchiliklarni yelkama-yelka turib, yengib oʻtish va umumiy gʻalabalardan xursand boʻlish istagi” oilaning asosi hisoblanishiga ishonadi. Respondentlar, shuningdek, mustahkam oila qurish uchun boʻlajak er-xotinning moliyaviy mustaqilligi zarurligini taʼkidladi. Ishtirokchilar yoshlarning maʼnan oʻzaro mosligi, ularning hayotiy qarashlari va qadriyatlari, ijtimoiy darajasi va maʼlumoti, moddiy ahvolining oʻxshashligi oilaviy aloqalarning mustahkamligiga sezilarli taʼsir koʻrsatishini qayd etdi. Soʻrov natijalarining koʻrsatishicha, oilani saqlab qolish uchun alohida doimiy uy-joyga ega boʻlish, er-xotinning jismoniy salomatligi, sogʻlom farzand koʻrish qobiliyati muhimdir.

Tadqiqotda oʻzbekistonliklarning nazarida qanday oilani baxtli va farovon deb atash mumkinligi aniqlandi. Respondentlardan olingan javoblar shuni koʻrsatadiki, baxtli va farovon oilada bir-birini tushunish, yordam berishga tayyorlik, oʻzaro muhabbat va hurmat, bagʻrikenglik, kechirimlilik, moddiy toʻkinlik, tinchlik, osoyishtalik va xayrixohlik muhiti boʻlishi kerakligi haqidagi tasavvurlar jamoatchilik fikrida yetakchilik qiladi.

Soʻrov natijalari koʻrsatishicha, 47,1 foiz ishtirokchilarning oilalari anʼanaviy boʻlib, ularda erkak oila boshligʻi hisoblanadi va butun oila hamda uning har bir aʼzosiga tegishli asosiy masalalar boʻyicha yakuniy qarorlarni qabul qilish huquqi unga tegishlidir. Erkak oila byudjetiga asosiy hissa qoʻshadi va uning moddiy resurslarini tasarruf etadi, oila aʼzolari oʻrtasidagi nizolarni hal qiladi. Oʻzbekistonda oilaviy vazifalar va majburiyatlarning taqsimlanishi ham oilaning anʼanaviy turiga mos keladi, bunda erkak oilani moddiy jihatdan taʼminlaydi, ayol farzand tarbiyasi bilan shugʻullanadi, barcha oila aʼzolari uchun qulay turmush sharoitini yaratadi.

Alohida taʼkidlash kerakki, mamlakatda oilaviy munosabatlarni demokratlashtirish jarayoni yuz bermoqda, oilalarning uchdan bir qismidan koʻprogʻi oʻz oilasi va munosabatlarini er-xotinning tengligi asosida qurmoqda, oila uchun masʼuliyatni zimmalariga teng olishmoqda. Oila va uning aʼzolari hayotiga oid muhim qarorlarni birgalikda qabul qilishmoqda, oila byudjetiga birgalikda hissa qoʻshib, uni taqsimlash bilan birgalikda shugʻullanishmoqda.

Qatnashchilarning mutlaq koʻpchiligi — 94,2 foizi oilaning bosh mazmuni va qadriyati farzandlar dunyoga keltirish va tarbiyalashdan iborat, degan fikrda. Respondentlarning ishonishlaricha, farzandlarning rivojlanishi va tarbiyasi uchun shart-sharoitlar yaratishga ota-ona teng darajada masʼul boʻlishi kerak. Yaxshi tarbiya va taʼlim berish, munosib turmush sharoitlarini yaratish esa ota-onaning farzandlar oldidagi masʼuliyati hisoblanadi. Soʻralganlar fikriga koʻra, ota-onalar oʻz farzandlarida, avvalo, mehr-muhabbat, oqibat, shafqat, Vatanga sadoqat, oʻzaro tushunish va hurmat, masʼuliyat hamda oʻz shaʼnini qadrlash tuygʻularini tarbiyalashlari lozim. Respondentlar bolalarda tadbirkorlik, mehnatga, oʻqish va bilimga muhabbat kabi fazilatlarni rivojlantirish muhim, deb hisoblashadi.

Umuman olganda, oʻtkazilgan telefon soʻrovining  koʻrsatishicha, oila oʻzbekistonliklar uchun noyob va tengi yoʻq qadriyat hisoblanadi. Fuqarolar oʻz hayotlarini oila, mehr-muhabbat, bolalar, er-xotin va qarindoshlik munosabatlarisiz tasavvur qila olmaydi. Jamoatchilik fikriga koʻra, oila Oʻzbekiston fuqarolarining asosiy hayotiy qadriyati, jamiyatning axloqiy poydevori, maʼnaviyat oʻchogʻi, milliy anʼana va urf-odatlarning saqlovchisi, munosib avlod tarbiyasi va ijtimoiy tajribani avlodlarga yetkazishni taʼminlaydigan eng muhim ijtimoiy institut boʻlib qolmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер