O‘zbekistonda nega go‘sht va guruch qimmatlashdi?

17:24 28 May 2018 Iqtisodiyot
4165 0
Foto: zamin.uz

Joriy yil may oyining birinchi haftasida ko‘rib chiqilgan tovar va xizmatlar guruhi qiymati umumiy olganda 0,6 foiz arzonlashgan. Jumladan, oziq-ovqat tovarlari narxi 1,1, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,9 foiz tushgan bo‘lsa, xizmatlar 1 foiz qimmatlashgan. Bu haqda Markaziy bank respublika iste’mol bozorlaridagi narxlarni o‘zgarib borishi ustidan olib borilayotgan kuzatuvlar natijasi orqali ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, narx-navo dinamikasi, asosan, so‘mning ayriboshlash kursi mustahkamlanishi, tashqi savdo sharoiti va raqobat muhiti yaxshilangani, iste’mol bozoriga sabzavotlarning yangi hosili kirib kelishi vositasida shakllangan. Narxlardagi barqarorlikda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kutilayotgan inflyatsiya darajasining pasayishi ham o‘ta muhim omilga aylangan. 

Umumiy olganda, oziq-ovqat mahsulotlari narxi tushishiga qaramay, mazkur guruh ichida narx dinamikasi turli ko‘rinish kasb etdi. Masalan, bozorga pomidor, bodring va kartoshkaning yangi hosili yoppasiga kirib kelishi natijasida, ular mos ravishda 63,8, 30,2 va 27,6 foiz arzonlashdi. Ayni chog‘da sariyog‘ narxi 2,4, tovuq go‘shtiniki esa 1,3 foiz pasaydi.

Shu paytning o‘zida guruch 16,7 foiz qimmatlashib ketdi. O‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, yilning qurg‘oqchil kelishi, o‘tgan yilga nisbatan sug‘oriladigan suv yetishmovchiligi, ekin maydonlarining qisqartirilishi, qolaversa, tayyorlovchilar tomonidan guruch taklif qilishning kechiktirilishi bunga asosiy sabab bo‘ldi. 

O‘z navbatida import hajmining kengaytirilishi, ichki bozorda ushbu mahsulot taklifi barqaror qo‘llab-quvvatlanishi guruch narxini barqarolashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qildi deyish mumkin.

Ayni chog‘da kuzatilgan muddatda go‘sht mahsulotlari narxi o‘rtacha oshayotgani ayon bo‘ldi. Jumladan, mol va qo‘y go‘shti mos ravishda 5 va 3,7 foiz qimmatlashgan. Mazkur soha mutaxassislari va fermerlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovdan ma’lum bo‘ldiki, garchi birja qiymati ilgarigi darajada saqlanib qolgan bo‘lsa-da, yuqoridagi o‘sish chakana bozorda ozuqa narxining ko‘tarilishi, shuningdek, yog‘ingarchilik kam bo‘lgani uchun yaylovlarda o‘t-o‘lan kam bo‘lgani tufayli kelib chiqqan.

Nooziq-ovqat tovarlari, xususan, maishiy texnika va shaxsiy gigiyena vositalari narxi tashqi savdo hajmlari, ayniqsa, chegara oldi hududlarda ko‘paygani, iste’mol bozorining mazkur tarmog‘idagi raqobat muhitining yaxshilanishi, milliy valyuta kursi mustahkamlanishi sharoitida yuzaga keldi.

Yuqoridagi guruh bo‘yicha televizorlar 8, changyutgichlar 4,4, muzlatgichlar va elektr choynaklari 1,8, sovun 3,5, shampunlar 1,9 foiz arzonlashdi.

Joriy yil aprelidan tabiiy gaz tariflarining oshirilishi avtotransport vositalarida yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlari qimmatlashishiga olib keldi. Respublika bo‘yicha shahar avtobuslari yo‘l kirasi alohida hududlar bo‘yicha to‘lovlar sezilarli oshgani munosabati bilan 13,7, yuk tashish 1,6 foiz ko‘paydi. Tibbiy xizmat ko‘rsatish tariflarida ham o‘sish kuzatildi – 2,4 foiz.

Iste’mol tovarlari va xizmatlar bo‘yicha narxlar o‘zgarishiga doir yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlar Markaziy bankning iqtisodiyotda inflyatsiya jarayonlarini kuzatish maqsadida amalga oshirgan o‘z kuzatishlariga asoslanadi. O‘zbekiston Respublikasi iste’mol narxlari indeksi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hisoblab chiqiladi.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер