Oʻzbekistonda sholi yetishtirish boʻyicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda

20:50 29 Oktyabr 2021 Jamiyat
1804 0

BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Sholi ekinlarini yetishtirish va boshqarishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda mazkur loyihaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekistonda sholi yetishtirishni koʻpaytirish orqali qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiyalashga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash orqali qishloq joylarda daromadlarni koʻpaytirish va aholi turmush sharoitini yaxshilashga katta eʼtibor qaratmoqda. FAOning mazkur loyihasini amalga oshirish 2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasining yuqori qoʻshimcha qiymatga ega raqobatbardosh qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha mamlakat sholichilik sohasini rivojlantirish, qoʻshimcha qiymat zanjirini yaxshilash va, oʻz navbatida, ichki isteʼmol uchun mamlakatda yetishtirilgan sholini koʻproq qayta ishlash hamda eksportni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan.

— Loyiha takomillashtirilgan ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish orqali Oʻzbekistonda barqaror sholi yetishtirishni taʼminlashga xizmat qiladi, — deydi FAOning texnik eksperti Viliami Fakava. — U fermerlar va mahalliy mutaxassislarning sholi yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini oshirishga imkon beradi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari va fermerlarga takomillashtirilgan ishlab chiqarish usullarini oʻrgatish ularni texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash va mahalliy sharoitda sholi yetishtirish hajmlarining oʻsishini taʼminlaydi.

Bundan tashqari, ushbu loyiha BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, ikkinchi maqsad "Ochlikni bartaraf etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ovqatlanishni yaxshilash va qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish”, shuningdek, qishloq xoʻjaligida ayol-fermerlar va yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish orqali beshinchi maqsad “Gender tengligi”ga erishishga hissa qoʻshadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер