Oʻzbekistonda “samosud” statistikasi yuritiladimi?
IIV tergov departamenti boʻlim boshligʻi Azizbek Dolixoʻjayev “samosud” statistikasi haqida aytib oʻtdi.
«Bunday statistika mavjud emas. Sababi “samosud” degan tushuncha oʻzi Jinoyat kodeksida mavjud emas. “Samosud” natijasida qilingan harakatlar uchun javobgarlik belgilangan. Masalan, haqorat qilsa, unga nisbatan kuch ishlatish yoʻli bilan urib, doʻpposlaydigan boʻlsa, yetkazgan jarohatining darajasiga koʻra javobgarlik belgilanadi. Shuningdek, bir qator boshqa harakatlar, masalan tutqunlikda ushlash yoki bezorilik jinoyatlari alomatlari bilan jinoiy javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan, shaxsning harakatlari bevosita sodir etgan qilmishidan kelib chiqadi. Deylik badaniga yengil jarohat yetkazilsa, Jinoyat kodeksining 109-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi. Va statistika bevosita 109-modda bilan sodir etilgan jinoyatlar doirasida hisoblanadi.
“Samosud” tushunchasi 19-asrlarda mavjud boʻlgan. Davlat oʻz funksiyalarini toʻliq bajarolmaydigan hududlarda “samosud”ga yoʻl qoʻyish holatlari boʻlgan. Lekin bugungi kunda fuqarolik jamiyati joriy etilgan va fuqarolar oʻrtasidagi barcha munosabatlar, shuningdek, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar Qonunlar bilan tartibga solingan. Bugungi kunda sodir etilgan qilmish uchun Sud jazolaydi», deydi Dolixoʻjayev.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring