Oʻzbekistonda koronavirus davrida aholi bandligini taʼminlash uchun 700 mlrd soʻm ajratiladi
Oʻzbekistonda koronavirus tufayli yuzaga kelgan sharoitda ishsizlikka qarshi kurashish uchun 200 milliard soʻm ajratiladi. Bu haqda koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Yigʻilishda aholini ijtimoiy himoyalash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini taʼminlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyilgan.
Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan boʻshatishga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz toʻlab beriladi.
Maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari faoliyati toʻxtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlangʻich sinf oʻquvchilarining ota-onalariga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat taʼtilidan foydalanishning yillik rejasidan qatʼi nazar yillik mehnat taʼtili taqdim etiladi.
Iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida eʼtibor talab etadi. Shu bois Inqirozga qarshi jamgʻarmadan Jamoat ishlari jamgʻarmasiga qoʻshimcha 200 milliard soʻm ajratiladi. Ushbu mablagʻlar odamlarni ish bilan taʼminlash, buning uchun mahallalarda qoʻshimcha infratuzilma obyektlari qurishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 500 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ berilib, ish oʻrinlari yaratadigan biznes subyektlarga koʻmaklashiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring