Oʻzbekistonda 2017-yildan boshlab 83 milliard dollar investitsiyalar oʻzlashtirilgan

17:59 24 Iyun 2021 Iqtisodiyot
753 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar natijadorligi va yil yakunlariga qadar amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.

Bu haqda yigʻilishda ishtirok etayotgan muxbirimiz xabar bermoqda.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda 2017-yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion soʻm (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investitsiyalar oʻzlashtirilgan. Shundan 26,8 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablagʻlar tashkil etadi.

Oʻzlashtirilgan investitsiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga toʻgʻri keladi.

Natijada soʻnggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi esa 1,3 baravarga oʻsdi.

Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish – 3,4 baravar, elektro-texnika – 2 baravar, farmatsevtika va qurilish materiallari – 1,4 baravar, metallurgiya – 1,2 baravarga oshdi.

Tayyor toʻqimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga oʻsdi.

Ushbu davrda 441 trillion soʻmlik 47 mingdan ziyod yirik, oʻrta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Shuningdek, soʻnggi toʻrt yilda mahalliy sanoat, qishloq xoʻjaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion soʻm (10 milliard dollar) investitsiyalar yoʻnaltirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер