Oʻzbekiston vakili BMT bosh qarorgohida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda raqamli texnologiyalarning oʻrni haqida nutq soʻzladi
“Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishda raqamli va intellektual texnologiyalardan foydalanish” mavzusiga bagʻishlangan ushbu anjuman Xitoy, Malayziya, Misr hamda BMTning bir qator tuzilmalari (BMT-Ayollar, YUNFPA) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy sessiyasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori oʻrinbosari Dilnoza Muratova maʼruza qildi.
Oʻzbekiston vakili oʻz nutqida quyidagi muhim jihatlarga toʻxtaldi:
Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning raqamli savodxonligini oshirish va ularning innovatsiyalar sohasidagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha davlat siyosati;
Onlayn makondagi zoʻravonlik, kamsitish va algoritmik gender tarafkashligi kabi zamonaviy tahdidlarning oldini olish;
Ayollarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashda zamonaviy texnologiyalar va huquqiy mexanizmlarni integratsiya qilish.
Tadbirda, shuningdek, “BMT-Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus, Xitoy va Malayziya delegatsiyalari rahbarlari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etib, sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar (Big Data) yordamida xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.
Mutaxassislarning fikricha, Oʻzbekistonning ushbu nufuzli minbardagi ishtiroki mamlakatning gender tenglik yoʻlida xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlikka tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring