Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida hamkorlikdagi loyihalarning istiqbollari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari boʻyicha vazir-delegati Olivye Besht boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida hozirgi kunda hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati muhokama qilindi. Xususan:
— “Voltalia” kompaniyasi tomonidan Xorazm viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan tenderda gʻolib boʻlib, hozirda moliyaviy yakunlanish choralari koʻrilmoqda. Kompaniya tomonidan hamkorlik aloqalarini boshqa yoʻnalishlarda ham kengaytirish yuzasidan amaliy ishlar olib borilayotgani;
— “Total Eren” kompaniyasi tomonidan 2022-yil may oyida Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilganligi uchun mazkur stansiyaning quvvatini yana 100 MVtga oshirish masalasi koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, kompaniya Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida har birining quvvati 450 MVtdan boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurilishiga qiziqish bildirayotgani;
— EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish choralari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, uchrashuv davomida “Byuro Veritas” va “Technip” kompaniyalari bilan ilmiy-tadqiqot va muhandislik yoʻnalishlarida hamkorlik va “Aksens” kompaniyasi bilan birgalikda mamlakatimizda katalizatorlarni ishlab chiqarish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring