Oʻzbekiston – Singapur: Davlat boshqaruvi sohasida hamkorlikning yangi tendensiyasi
Dunyo mamlakatlari tajribasidan maʼlumki muayyan davlatda demokratiyaning oʻrnatilishi va mustahkamlanishi oʻziga xos qonuniyatlar asosida amalga oshiriladi. Bugun modernizatsiya hamda transformatsiya jarayonlari globallashuvning taʼsiri negizida dunyoning barcha mamlakatlaridagi siyosiy jarayonlarga avvalgidan shiddatli taʼsir koʻrsatmoqda.
Jamiyatda siyosiy oʻzgarishlarni amalga oshirish va islohotlarning huquqiy maqomini belgilashda parlamentning roli beqiyos Zero, uning asosiy siyosiy mavqei, avvalo, aholining tanlovi (yaʼni saylovlar orqali) hamda ishonchi bilan shakllanishida namoyon boʻladi. Singapur parlamentining shakllanishi 1819-yil bilan bogʻliq boʻlib, u Buyuk Britaniya mustamlakachilik tizimidagi birinchi oʻzining parlamentiga ega boʻlgan mamlakat sifatida mustaqillik uchun ilk qadamni qoʻygan.
Keyingi yillarda aynan parlament faoliyatida fuqarolarning ishtiroki hamda siyosiy partiyalarning konsolidatsiyasi natijasida 1965-yilda Singapur oʻz mustaqilligiga erishdi va shu yildayoq Singapur davlat parlamenti( yaʼni, mustaqil, milliy parlament sifatida) nomini oldi. Kuchli parlament – uzoq yillik evolyutsiya hamda uning asosiy faoliyat subyektlari va obyektlari oʻrtasidagi munosabatlari natijasi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan Singapur parlamentining faoliyati va siyosiy tizimni mustahkamlashdagi saʼy-harakatlari tufayli ushbu davlat keyingi 30 yil davomida Osiyoda qudratli davlatlar sirasiga kirishida allohida oʻrin egalladi.
“Knight Frank and Citi Private Wealth” tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalarida, Singapur aholi jon boshiga daromadi yuqori boʻlgan mamlakatlar ichida birinchi oʻrinni egallashini va bu jarayon 2050-yilgacha davom etishi koʻrsatilib, bu jamiyatda oʻrnatilgan siyosiy barqarorlik va unga daxldor boʻlgan siyosiy institutlarning faoliyati bilan bogʻliqdir (Siyosiy barqarorlik boʻyicha 10 ballik tizimda Singapur 9,5 ballga egalik qiladi). Har bir parlament oʻzi mansub mamlakatning tarixiy rivojlanish qonun-qoidalari, sharoiti hamda fuqarolarning siyosiy madaniyati kabi xususiyatlarni oʻzida mujassam etadi.
Shu oʻrinda Singapur parlamentining quyidagi asosiy jihatlarini koʻrsatib oʻtish maqsadga muvofiq: Parlamentning asosiy vazifasi sifatida qonunchilik normalarini shakllantirish, davlat moliyaviy faoliyati ustidan nazorat va hamda turli vazirliklarning parlament oldida hisobdorligini oshirish; Parlamentning faoliyati tashkil topgandan beri, saylangan deputatlarning vakolati muddati 5 yilni tashkil etadi, bu esa uning faoliyatini bir maromda kechishini hamda uning ish unumdorligini oshiradi; Singapur parlamenti bir palatali hisoblanadi; Singapur Konstitutsiyasining 44-moddasiga koʻra, fuqarolar aktiv va passiv saylov huquqidan foydalanishlari mumkin hamda parlamentga 21 yoshdan oʻz nomzodlarini qoʻyish imkoniyati tasdiqlangan, bunda davlat boshqaruvi, avvalo, yosh, kreativ fikrli insonlar bilan taʼminlanishiga alohida urgʻu beriladi.
Tan olish kerak kuchli parlament, avvalo, demokratik saylovlar orqali mustahkamlanadi. Chunki Singapur eng shaffof saylov tizimiga va siyosiy texnologiyaga ega boʻlgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Singapur Respublikasiga tashrifi ushbu mamlakat bilan koʻplab sohada oʻzaro hamkorlik rakursini shakllantirish imkoniyati sifatida alohida ahamiyatga molik.
Shularni hisobga olib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Singapurga tashrif davomida ushbu mamlakat bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning oltita asosiy yoʻnalishi ilgari surildi va ular quyidagilardan iborat: 1)Inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash (Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi ishtirokida boshqaruv, shaharsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi); 2) Singapurni Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga jalb qilish.
Shu maʼnoda muzokaralarda Singapurning yetakchi kompaniyalarining ilgʻor tajribasi, zamonaviy texnologiyalari va boshqaruv usullaridan foydalangan holda Oʻzbekistonning yirik korxonalarini xususiylashtirish doirasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish; 3) Ilgʻor “yashil” texnologiyalar va raqamli yechimlarni jalb qilish; 4) Shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarini takomillashtirish; 5) Investitsiyalar va oʻzaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalarni ilgari surish; 6) Jamoat xavfsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlikni asrash va radikalizmga qarshi kurashish borasida tajriba almashish.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, muayyan mamlakatda siyosiy barqarorlikni taʼminlash bugungi kunda davlatlar oldida turgan eng asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Bu borada asosiy siyosiy institutlar, ayniqsa, parlamentning oʻrni va rolini oshirish hamda uning ishlash mexanizmlari va texnologiyalarini ilgʻor xorijiy tajribalardan foydalangan holda qoʻllash muhim sanaladi. Bu esa davlatda demokratiya yanada mustahkamlanishiga va natijada aholi farovonligi yanada yaxshilanishiga, inson omilini himoya qiluvchi boshqaruv tizimi shakllanishiga xizmat qiladi. Zero kuchli davlatlar kuchli demokratik institutlar va fuqarolarning yuqori siyosiy faolligi asosida bunyod boʻladi.
Gʻolibjon Mahammadjanov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti BMT oʻquv markazi boshligʻi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring