Oʻzbekiston sayyohlik salohiyati Frankfurt-Mayn shahrida namoyish etildi
Foto: “Dunyo” AA
Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.
“Dunyo” AA xabariga koʻra, tadbir mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi va Oʻzbekiston TIV huzuridagi diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi tomonidan “SAMO Travel” va “Nüma GmbH” sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimotda Germaniyaning 20 dan ortiq yetakchi sayyohlik kompaniyalari, shuningdek, Germaniya ishbilarmon doira vakillari, jurnalistlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari qatnashdi.
Tadbir davomida “Nüma GmbH” kompaniyasi rahbari Daliya Altuntepe va “SAMO Travel” maslahatchisi Toʻlqin Odilov Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari va diqqatga sazovor joylari haqida maʼruza qildilar. Shuningdek, Oʻzbekistonning zamonaviy turizm xizmatlari va infratuzilmasi haqidagi videolavhalar ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim qilindi.
Ishtirokchilar Oʻzbekistonda turizm sohasini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, sohani barqaror rivojlantirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani modernizatsiya qilish, shuningdek, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.
Bosh konsul Olimjon Abdullayev yigʻilganlarni mamlakatimizning gastronomik, ziyorat, etnik va madaniy turizm yoʻnalishlari bilan tanishtirdi.
Taqdimot davomida boʻlib oʻtgan muzokaralar natijasida Germaniya sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi turizm dasturlarini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, 2024-yil uchun qoʻshma yarmarkalar, taqdimotlar va turli mavzudagi kechalarni oʻtkazish boʻyicha aniq rejalar belgilab olindi.
“Anor” mehmonxonasining anjumanlar zalida boʻlib oʻtgan taqdimot doirasida oʻzbek oshxonasining milliy taomlari, jumladan, bayramona palov pishirildi va ishtirokchilarga ulashildi.
Tadbir yakunida joriy yilning aprel va sentyabr oylarida Germaniyadan Oʻzbekistonga sayohat marshrutlarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring