Oʻzbekiston delegatsiyasi “Xitoy – Markaziy Osiyo” industrial-investitsion forumida ishtirok etdi

15:53 20 Fevral 2023 Siyosat
863 0

Xitoyning taraqqiyot va islohotlar davlat qoʻmitasi hamda Shandun provinsiyasi maʼmuriyati tomonidan tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Bosh vazirlari oʻrinbosarlari, Xitoydagi xorijiy elchixonalar rahbarlari va OAV vakillari qatnashdi.

Forum 2022-yilning 25-yanvarida “Markaziy Osiyo davlatlari – Xitoy” oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan onlayn-sammitda Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan tashabbus boʻlib, mazkur davlatlar oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni faollashtirishga qaratilgan.

Tadbir ochilishida Xitoy Raisi Si Szinpinning ishtirokchilarga murojaati Taraqqiyot va islohotlar davlat qoʻmitasi raisi Xe Lifen tomonidan video aloqa tarzida oʻqib eshittirildi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari Bosh vazirlari oʻrinbosarlari, Shandun provinsiyasi gubernatori, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchilari va boshqa yuqori martabali rasmiy shaxslar soʻzga chiqib, Xitoy bilan turli sohalardagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida soʻz yuritdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xodjayev videomurojaat bilan ishtirok etib, mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, investitsiya va eksport salohiyati, Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, 2022-yilda oʻzaro savdo aylanmasi 20 foizga oshib, qariyb 9 milliard dollarga yetgani taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2100 dan ortiq korxona faoliyat koʻrsatayotgani hamda 2017-yildan beri oʻzlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 11 milliard dollarni tashkil etgani aytib oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida savdo va sanoat, “yashil” investitsiyalar, transport infratuzilmasi hamda qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish masalalariga urgʻu berildi.

Forumda “Xitoy-Markaziy Osiyo” industrial va investitsion hamkorlik tashabbusi tomonlar tarafidan qabul qilingani eʼlon qilindi.

Tadbir davomida, shuningdek, “Sanoat kooperatsiyasi uchun umumiy makonni birgalikda qurish” mavzusi ostida qator taqdimotlar oʻtkazildi.

Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻzlarining savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, erkin iqtisodiy hududlar, investitsion iqlim, ustuvor sanoat sohalari, hukumatlari tomonidan ilgari surilayotgan qulayliklarni taqdimot etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер