Oʻzbekiston Boltiqboʻyi mamlakatlari bilan transport, tranzit hamda logistika sohasidagi oʻzaro hamkorlik koʻlamlarini kengaytiradi
Tashrif davomida Latviya va Litvaning aloqa, transport va kommunikatsiyalar vazirlari oʻrinbosarlari Uldis Reymanis va Yulius Skachkauskas, Latviyaning eng yirik port shaharlaridan biri – Liyepaya shahri meri Gunars Ansinsh, airBaltic vitse-prezidenti Sventlana Abashkina, Riga xalqaro aeroporti rahbariyati, Latviya va Litvaning yirik multimodal terminallari sohiblari bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Mamlakatimiz eksport mahsulotlarini Skandinaviya va Gʻarbiy Yevropaning katta bozorlariga olib chiqishda Ventspils, Liyepaya (Latviya), Klaypeda (Litva) shaharlarining bandargohlari imkoniyatlaridan foydalanishni muhokama qilish maqsadida mazkur bandargohlar bilan tanishildi.
Delegatsiya, shuningdek, Oʻzbekiston – Latviya transport ishchi guruhlari, YUSAIDning Markaziy Osiyoda savdo dasturi tomonidan tashkil qilingan Markaziy Osiyo davlatlari transport tarmogʻining Latviya ( 12-13-iyun) va Litvadagi (15-16-iyun) biznes missiyasi, TRASEKA hukumatlararo komissiyasi ishlarida, Rigada boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo va Latviya oʻrtasidagi savdoning yangi imkoniyatlari” biznes forumida ishtirok etdi.
Tashrif va boʻlib oʻtgan muzokaralar ruxsatnomalar almashuvi tartibini osonlashtirishni takomillashtirish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida intermodal va multimodal transchegaraviy va tranzit transporti xizmatlarini rivojlantirish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida yetkazib berish zanjirlari salohiyatini kengaytirish, Yevropa Ittifoqi Boltiq dengizining multimodal yoʻlagi orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga, Oʻzbekiston eksportini transport va logistika bilan taʼminlashni yaxshilash, Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasida havo yuklarining intensivligi va hajmini oshirish, davlatimiz rahbarining “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning sayyohlik darvozasi” tashabbusi doirasida oʻsib borayotgan sayyohlik oqimiga xizmat koʻrsatish uchun Yevropa yoʻnalishidagi yuklarni toʻgʻri roʻyxatga olish, yangi yoʻnalishlar boʻyicha (Samarqand-Riga-Samarqand, Samarqand-Vilnyus-Samarqand) havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Oʻzbekistonning tegishli idoralarining malakasini oshirish, shu jumladan, Oʻzbekistondagi yangi sanoat ishtirokchilarining salohiyatidan foydalanish, joriy yil noyabr oyida boʻlib oʻtadigan Translogistika Uzbekistan – 2023 ishida yuqori darajada ishtirok etish boʻyicha amaliy kelishuvlarga erishish imkonini berdi.
Tashrif va oʻtkazilgan tadbirlar yakunlari boʻyicha “Latviya Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida transport ishchi guruhlarining transport va logistika sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike” hamda Transport boʻyicha Oʻzbekiston-Latviya ishchi guruhi yigʻilishining bayonnomasi imzolandi.
Xususan, Latviya tomoni Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatimizning Rigadagi elchixonasida yangi lavozim – transport masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qarorini yuqori baholadi.
Qayd etish joizki, 2022-yilda Oʻzbekistondan Yevropa yoʻnalishi orqali tashilgan yuklar hajmi 1,2 million tonnani tashkil qildi. Bu 2021-yilga nisbatan 15 foizga koʻpdir. 2023-yilda ushbu yoʻnalishda yuk tashish hajmi 20 foizga oshishi kutilmoqda, bu esa Oʻzbekistonning Yevropaning barcha davlatlari bilan tashqi savdo hamkorligini yanada rivojlantirishga talabning mavjud ekanligidan dalolat beradi.
Transport vazirlarining oʻrinbosarlari darajasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Latviya va Oʻzbekiston-Litva muzokaralari chogʻida davlatlarimiz transport idoralari oʻrtasidagi aloqalarning jadvali, kun tartibi va darajasi yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring