“Oʻzbekiston Afgʻonistondagi "Tolibon" rejimidan qochganlarga oʻz chegaralarini ochishga tayyorligi” haqidagi xabarlar haqiqatga zid – Oʻzbekiston TIV
Bugun ayrim axborot agentliklarining ijtimoiy tarmoqlaridagi kanallari va internet saytlarida “Oʻzbekiston Afgʻonistondagi "Tolibon" rejimidan qochganlarga oʻz chegaralarini ochishga tayyorligi” haqidagi maʼlumotlar tarqaldi.
Ushbu xabarlarga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati tomonidan munosabat bildirildi.
«Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida hozirda Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegarasi toʻliq yopilgan va Termiz nazorat-oʻtkazish punkti orqali quruqlikdan oʻtish amalga oshirilmayapti.
Yaqin kelajakda Oʻzbekiston — Afgʻoniston chegarasida Termiz nazorat-oʻtkazish punktini ochish rejalashtirilmagan.
Chegarani kesib oʻtishga boʻlgan har qanday urinishlar, sabablaridan qatʼiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq qaytariladi.
Oʻtgan 12 kun ichida Oʻzbekiston bir qator davlatlarga Oʻzbekistonga kelgan va Oʻzbekistonni faqat havo yoʻli bilan tark etgan Afgʻonistondan oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilish boʻyicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yordam koʻrsatdi.
Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida afgʻon qochqinlarini qabul qilmasligini, tranzitda yordam berishini, bu ularning mamlakatda qatʼiy cheklangan vaqtini nazarda tutishini yana bir bor taʼkidlaydi.
Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston bilan anʼanaviy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini va qoʻshni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillarini saqlashga qatʼiy sodiqdir», deyiladi Oʻzbekiston TIV munosabatida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring