Oʻzbekiston aeroportlarida “Tax Free” tizimi: u qanday ishlaydi?
“Tax Free” tizimi xorijiy fuqarolarga Oʻzbekistonda chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda toʻlangan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi. Keshbek toʻlovi amalga oshiriladigan tovarlar roʻyxati Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan. Bunday tovarlar qatoriga esdalik sovgʻalari, yongʻoqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va moʻynali mahsulotlar, gilamlar, toʻqimachilik mahsulotlari va boshqalar kiradi.
QQS toʻlovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtish va amalga oshirilgan xaridlar kvitansiyasini skanerlash lozim. Aeroport orqali joʻnab ketayotganda, yoʻlovchi reysga roʻyxatdan oʻtishi, soʻngra “Tax Free” peshtaxtasiga borishi, bortga chiqish taloni va tovarlarning oʻzini koʻrsatishi kerak boʻladi. “Tax Free” da roʻyxatdan oʻtkazilgan tovarni qoʻl yuki sifatida olib oʻtish yoki uni roʻyxatdan oʻtish peshtaxtasiga qaytarib, bagajga topshirish mumkin.
“Tax Free” tizimiga kiruvchi tovarlarning umumiy xarid summasi kamida 1 million soʻm boʻlishi kerak. Bundan tashqari, mahsulot ochilmasligi va ishlatilmasligi kerak. Soliq qoʻmitasi xodimlari mahsulotning barcha mezonlarga javob berishini tekshirgandan soʻng, keshbek rasmiylashtiriladi. Turli toifadagi tovarlar uchun yoʻlovchi QQS summasining 90 foizigacha keshbek olishi mumkin. Keshbek yoʻlovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va toʻlovni qaytarish roʻyxatga olingan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin amalga oshiriladi.
Bugungi kunda “Tax Free” tizimi Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va Urganch aeroportlarida ishga tushirilgan. “Tax Free” tizimi yaqin vaqt ichida mamlakatimizning barcha 11 ta xalqaro aeroportida tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring