“Oʻzbek mahsulotlarini dunyo bozoriga sifatli olib chiqishga hissa qoʻshamiz”
Oʻtgan yili Fargʻona viloyatida faoliyat olib borayotgan 769 ta korxona tomonidan 722 million dollarlik sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Eksport geografiyasi va salmogʻi yangi davlatlar, mahsulotlar hisobiga kengayib borayotgan boʻlsada, erishilgan natija hali mavjud salohiyatga mos emas.
Fargʻona shahrida joylashgan viloyat “Tadbirkorlar uyi”da oʻtkazilgan yuzma-yuz muloqotda ana shu xususda soʻz yuritildi. Ochiq muloqot Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Eksportchilari uyushmasi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi – UzTest DUK bilan hamkorlikda tashkil etildi. “Oʻzbek mahsulotlarini dunyo bozoriga sifatli olib chiqishga hissa qoʻshamiz” deb nomlangan tadbirda fargʻonalik tadbirkorlar bilan birga mamlakatimizning barcha hududlaridan eksportchi korxonalar hamda tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda bugungi kuchli raqobat sharoitida yuqori texnologiyalar asosida toʻliq ishlab chiqarish zanjirini yaratish, jahon bozoriga tayyor mahsulotlar yetkazib berish, ishonchli xorijiy sherik va hamkorlar topish kabi muhim mavzularda oʻzaro fikr almashildi. Ayni jarayonda erishilayotgan natijalar sarhisob etilib, muammolar yuzasidan mutasaddilarning javoblari olindi. Yutuqlar koʻlamini kengaytirishda oʻzaro hamjihatlikda ishlash muhimligi taʼkidlandi.

— 2024-yili viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport hajmini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Shu maqsadda meva-sabzavotlarni sanoat usulida qayta ishlash, qadoqlangan holda eksportga yoʻnaltirish, yangi bozorlar topish, sifat nazorati, transport-logistika xizmatlari faoliyatini jahon andozalariga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari koʻrilmoqda.
Bugungi muloqotda ham turli yoʻnalishlarda taqdimotlar oʻtkazilib, tushuntirish-targʻibot ishlari olib borildi. Bu borada tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar tushuntirildi. Eng muhimi, eksport – yurt shaʼni va gʻururi ekanligi, ushbu yoʻnalishda har bir tadbirkor doimiy izlanishda boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Tadbirda viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlar koʻrgazmasi ham uyushtirildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring