“Oʻzbegim ayoli” eʼtirof etilmoqda
Foto: Hakimjon Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi“.
“Xalq soʻzi ONLINE”/Yulduz Oʻrmonova. Mamlakatimizning bugungi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy hayotida oʻzining ilgʻor gʻoyalari, tashabbuskorligi bilan faollik koʻrsatayotgan fidoyi ayollarimizga ehtirom bildirish, mehnatini munosib qadrlash maqsadida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatrida “Milliy” telekanali “Oʻzbegim ayoli” Milliy mukofoti taqdirlash marosimini oʻtkazmoqda.
Ushbu mukofotga nomzodlar tegishli tashkilotlar, vazirliklar va qoʻmitalar tavsiyalari hamda MTV muxlislari tomonidan nomzodlar uchun berilgan ovozlar asosida aniqlangan.
“Oʻzbegim ayoli” dasturi davomida laureatlarga jamiyat rivojlanishiga qoʻshgan hissasi, erishgan yutuqlari bilan bogʻliq qator nominatsiyalar doirasida mukofot va sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi hamda estrada yulduzlari, taniqli sanʼatkorlar ishtirokida gala-konsert oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Tadbir avvalida teatr oldidagi ochiq maydonda “Sulola bend” guruhi tomonidan jonli ijro hamda illyuzionistlar chiqishlaridan iborat shou tashkil etildi.
Ayni paytda taqdimot marosimi davom etmoqda. Uni soat 21 ga qadar “Milliy” telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatishingiz mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring