Oʻzaro ishonch va bozor tamoyillari asosida
Foto: Xalq so‘zi
Yurtimiz tadbirkorlari va Qozogʻiston Respublikasi kompaniyalari hamkorligida turli sohalarda qoʻshma loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Birgina Buxoro viloyatida ayni paytda qoʻshni davlat investorlari ishtirokida 7 ta korxona faoliyat yurityapti.Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Gala – River” qoʻshma korxonasi ularning eng toʻngʻichi sanaladi.
— 2005-yilning 19-iyulidan ish faoliyatimizni boshlaganmiz, — deydi qoʻshma korxona direktori Gʻolib Rahmatov. — Oʻshanda 4 ming 104 tonna uzum qayta ishlanib, 684 tonna shinni tayyorlangan. Ish oʻrinlari soni esa 22 tani tashkil etgan. Qozogʻistonlik investorlar bilan hamkorligimiz yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Buni oʻzaro ishonch, bozor tamoyillari asosida ishlash mahsuli, deyish mumkin.
Ortda qolgan yillar korxona uchun qad rostlash pallasi vazifasini oʻtadi. Xususan, 2018-yilda uning faoliyatida tub burilish yuz berdi. Moliyaviy muassasaning kredit mablagʻlari evaziga modernizatsiya tadbirlari oʻtkazildi. Italiyaning “Della Toffola” va “Farck” kompaniyalaridan uzumni qayta ishlash va tozalangan uzum shinnisini pishirishga moʻljallangan zamonaviy qurilmalar xarid qilindi. Natijada jahon bozori talablariga javob beradigan yuqori sifatli uzum shinnisi tayyorlash imkoniyati yuzaga keldi. Tabiiyki, qoʻshma korxonaning eksport salohiyati ham oshdi. Agar 2017-yilda 1 126 600 AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilingan boʻlsa, 2019-yilga kelib bu koʻrsatgich 2 031 700 AQSH dollarini tashkil etdi. Ayni damda qoʻshma korxonada mavsumiy ishlovchilarni hisobga olmaganda 60 ta doimiy ish oʻrni mavjud.
Yuqoridagilardan koʻrinadiki, “Gala – River” ikki davlat tadbirkorlari ishtirokida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyihalardan biridir. Umuman olganda, Qozogʻiston Respublikasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega boʻlgan 10 ta davlatning biri sanaladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning oʻtgan oʻn oyi mobaynida Buxoro viloyati va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 97,5 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan uch baravarga oʻsdi. Joriy yil oxiriga qadar tashqi savdo aylanmasi miqdorini 130 million AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring