OTMlarning xorijda oʻqish boʻyicha stipendiyalar tanlovida faol ishtirok etmayotganligi tanqid qilindi

19:15 11 Fevral 2021 Jamiyat
1203 0

Kecha Taʼlim inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamkorligida milliy oliy taʼlim muassasalarini xalqaro nufuzli reytinglarga kirishga tayyorlash, xorijda yoshlarni malakasini oshirishi, stajirovkasi, doktorantura va magistraturada maqsadli oʻqitish va integratsiya jarayonlari muhokamasiga bagʻishlangan videoseminar tashkil etildi.

Maʼlumki, Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida iqtidorli va istiqbolli yoshlar uchun benihoya ulkan imkoniyat, yaʼni 2021-yildan boshlab “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali magistratura va doktorantura dasturlari asosida eng nufuzli xorijiy davlatlarda tahsil olish uchun stipendiyalar miqdorini 5 barobarga oshirish taklifi ilgari surilgan edi.

Seminarda ayni kunlarda jamgʻarma tomonidan matematika, kimyo, biologiya va geologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilayotgan birinchi stipendiya dasturlarida oliy taʼlim sohasi vakillarining ishtiroki natijalari haqida ham maʼlumot berildi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori oʻrinbosari Javohir Ahmedovning maʼlum qilishicha, jamgʻarma tomonidan eʼlon qilingan stipendiyalar tanlovidagi 250 ta oʻrindan 60 tasi (8 ta doktorantura, 8 ta magistratura, 25 ta stajirovka va 19 ta malaka oshirish) aynan oliy taʼlim oliy taʼlim tizimidagi xodimlarning xorijning nufuzli oliy taʼlim muassasalari va markazlarida taʼlim olishlari, malaka oshirishlari va ilmiy-tadqiqot oʻtkazishlari uchun ajratilgan boʻlib, 3-fevral holatiga koʻra stipendiya dasturlariga 116 nafar nomzod hujjat topshirgan, ammo ulardan atigi 20 nafari (17.2%)ning hujjati toʻliq yuklagan.

Ushbu koʻrsatkichlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahridan 42 ta, Fargʻona viloyatidan 17 ta hujjat kelib tushgan boʻlsa, qolgan viloyatlardan 5 tagacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan 1 ta hujjat kelib tushgan hamda Sirdaryo viloyatidan umuman hujjat kelib tushmagan .

Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev mazkur masalaga toʻxtalar ekan, yosh olimlardan, ilmiy izlanuvchilardan Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi.

— Mamlakatimizda zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, mamlakat ilm-faniga innovatsion gʻoyalar va texnologiyalar olib kirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan yoshlar minglab topiladi.

Bu kabi tanlovlarga yoshlarni qiziqtirish, ustoz shogird anʼanasini qoʻllagan holda, ularni yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ilm-fan sohasi uchun dolzarb boʻlgan mavzularni, nufuzli xorijiy ilmiy markazlarni tanlashda amaliy yordam koʻrsatish juda muhim.

Hujjatlar 20-fevralga qadar qabul qilinadi. Vaqt juda oz qoldi. Shunday ekan, vazirlik va idoralar, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar rahbarlari hamda professor-oʻqituvchilardan bu borada faollik koʻrsatib, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashlari va yoʻl-yoʻriqlar berishlarini soʻraymiz, — dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Seminar davomida ishtirokchilarni tanlov shartlari boʻyicha qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan zudlik bilan zarur chora-tadbirlar koʻrilishiga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер