Oʻtgan 9 oyida Fargʻonaga 2 million 650 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yil Fargʻona viloyatiga sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida eko, agro, ekstremal, tibbiy, koʻngilochar va boshqa turistik maskanlar tashkil etish hisobiga 1,1 trillion soʻmlik 159 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, ayni jarayonda Qoʻqon shahrida umumiy qiymati 130 milliard soʻmlik “Turizm va hunarmandchilik” markazi tashkil etilmoqda. Majmuada zamonaviy mehmonxonalar, hunarmandlar va savdo markazi, bolalar oʻyingohi va boshqa koʻngilochar xizmatlar koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Fargʻona shahridagi “Ekoshahar”da Yaponiya kompaniyasi investitsiyasi hisobiga 3 gektar maydonda umumiy qiymati 182 milliard soʻmlik yapon bogʻi barpo etilayotir.
— 2023-yilning toʻqqiz oyida viloyatga 2 million 650 ming nafarga yaqin sayyoh tashrif buyurdi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Sayyohlarning 365 mingdan koʻprogʻi xorijlik mehmonlardir.
Shu yilning 21 — 23-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida II Xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uygʻun holda Rishton tumanida birinchi marotaba Xalqaro kulolchilik forumi oʻtkazildi. Festival va forumda dunyoning 70 ta davlatidan mohir hunarmand va kulollar, taniqli fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi,
Tadbirlar doirasida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY bilan hamkorlikda 6-Turk dunyosi moda haftaligi hamda 24-Turk dunyosi opera kunlari boʻlib oʻtdi. Anʼanaga aylanib borayotgan bu kabi tadbirlar viloyatga xorijlik sayyohlarni jalb etishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻz navbatida, viloyatga sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida hozirgi kunda 5 ta xalqaro (Olma ota, Astana, Jidda, Urumchi, Seul) hamda 7 ta mahalliy (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Navoiy, Termiz) reyslarga toʻgʻridan-toʻgʻri yangi aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar davom etyapti.
Taʼkidlash oʻrinliki, 5 ta xalqaro va 7 ta mahalliy aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilishi natijasida yiliga 250 mingga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring