Orol chekinsada, biz chekinmaymiz
Tashabbus yurtiga muhabbati yuksak odamlar yuragida joʻsh uradi. Shu bois ham Orol dengizining qurigan maydonlarida «yashil qoplamalar» – himoya oʻrmonlarini barpo etish boʻyicha boshlangan ezgu tashabbus mamlakatimizda chin maʼnoda umumxalq harakatiga aylanib ketdi. Ushbu ekoharakat doirasida nafaqat moʻynoqliklar yoki qoraqalpogʻistonliklar balki, butun mamlakatimizdan koʻngillilar kelib, dengizning qurigan tubida «yashil qoplamalar» barpo etish ishlariga hissa qoʻshmoqdalar. Binobarin, bu saʼy-harakat elning birligi, hamjihatligi va bir-biriga qadrdonligining yorqin namunasidir.
Shuni alohida eʼtirof etish joizki, bu ezgu harakat dastlab Prezidentimizning 2018-yil 15-16-noyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi paytida boshlangan boʻlib, himoya oʻrmonlarini barpo qilish, zararli tuz va changlarni Orol dengizining tubidan koʻtarilishining oldini olish hamda hududda ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab olingan edi.
Yaqinda nuroniylar, yoshlar va jamoat faollari ishtirokida Orol dengizining qurigan maydonlariga saksovul va boshqa choʻl sharoitiga chidamli oʻsimliklarni ekish boʻyicha 2024-yilgi mavsumi boshlab berildi.
Shu munosabat bilan Orol dengizining qurigan tubining oʻzida tashkil qilingan tantanali tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ushbu xayrli ishga hissa qoʻshayotgan barcha mehnatkashlar hamda koʻngillilarga minnatdorlik bildirib, ularning mashaqqatli va sharafli ishlarida zafarlar tiladi.
Tadbirda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Yoʻl xoʻjaligi va Favqulodda holatlar boshqarmasi xodimlari ekish ishlarini tashkillashtirishda koʻrsatgan faolligi hamda yurtimiz obodligi yoʻlidagi xizmatlari uchun koʻkrak nishonlari, esdalik sovgʻalar, faxriy yorliqlar hamda harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.
— Orol dengizining qurigan tubida «yashil qoplamalar» paydo etish boʻyicha ekish ishlari kuz, qish va bahor mavsumida oʻtkaziladi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Maqsud Jumaniyazov. — 2018-yil kuz, qish va 2019-yil bahor mavsumlarida 461 ming gektar maydonda fitomelioratsiya ishlari olib borildi. Bu xayrli harakatni har mavsumda izchil davom ettirish maqsadida saksovul va boshqa choʻlga chidamli oʻsimliklar urugʻlarini jamgʻarish boʻyicha tizimli ishlar olib borildi.
Tegishli qaror va topshiriqlar asosida 2024-yilda Orolboʻyi hududlarida 300 ming gektar maydonda «yashil qoplamalar» barpo etish nazarda tutilgan. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 200 ming gektar (shundan, 100 ming gektari qoʻshimcha ekish), Navoiy viloyatida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar va Xorazm viloyatida 10 ming gektar «yashil qoplamalar» barpo etiladi.
Joriy mavsumdagi oʻrmon-meliorativ tadbirlar, yaʼni «yashil qoplamalar» barpo etish uchun oʻrmon xoʻjaliklaridan 500 nafar, shu bilan birga 30 dona yuqori unumli traktorlar, 2 dona kichik aviatsiya jalb qilinib ekish ishlari boshlab yuborildi.
Oʻrmonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun bugungi kungacha oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan 192,63 tonna choʻl oʻsimliklari urugʻlari, jumladan 71,96 tonna saksovul, 120,67 tonna qorabaroq choʻl oʻsimliklari terildi. Bugungi kunda 2,7 ming gektar maydonda choʻl oʻsimliklarining urugʻini hamda koʻchatini ekish ishlari davom etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan Orol dengizining qurigan tubida himoya oʻrmonzorlarini barpo etish va uning mintaqaning ekologik holatini yaxshilashdagi ahamiyatini, Moʻynoqda aholi turmush darajasini yaxshilash boʻyicha qilinayotgan ezgu va xayrli saʼy-harakatlarni xalqimiz va keng jamoatchilik mamnuniyat bilan eʼtirof etmoqda. Hatto yuqorida keltirilgan saksovul ekish tadbirlari doirasida hududdagi yuzlab aholining bandiligi taʼminlanmoqda. Hozirgi kunda mazkur hududlarga dastlabki ekilgan saksovullardan urugʻlar olinib, belgilangan maydonlarga ekilmoqda. Moʻynoq aholisi tomonidan yigʻilayotgan urugʻlarga belgilangan haq toʻlanayotir.
2018-2023-yillar davomida 1 million 755 ming gektar maydonga saksovul, cherkez, qandim kabi shoʻrga va qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar ekilib, «yashil qoplamalar» barpo etildi. Shu kunga qadar 17 ming kilometr kvadrat maydon koʻkalamzorlashtirilib, choʻl oʻsimliklarining koʻkarishi boʻyicha yaxshi natijaga erishilmoqda.
Eʼtiborlisi, bundan 5-6-yil ilgari ekilgan saksovullar boʻyi 1,5-2 metrga yetib, Orolning qurigan tubidagi chang, tuzlarni koʻtarilishining oldini olish bilan birga chin maʼnoda himoya oʻrmonzorlariga aylanmoqda. Bundan quvonmay boʻladimi? Zotan, yurtimizning havosi musaffo, iqlimi hayotbaxsh va osmoni tiniq boʻlishida koʻkka boʻy choʻzayotgan ana shu saksovullarning ahamiyati beqiyos. Demak, Orol chekinsada, biz hech qachon chekinmaymiz.
Gʻayrat OTAJONOV
(«Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring