Onajon tilim, yayrading, yashnading...
O, Onajon tilim, bugun bir yayrading, bugun bir yashnadingki, qoʻshilib men ham quvondim. Butun dunyo BMT anjumanida oʻzbeklarning soʻzini ilk bora oʻzbek tilida eshitdi, his qildi, Navoiy, Bobur, Xorazmiy, Amir Temur tilining jozibasiga quloq tutdi.
Dogʻistonning mashhur, mening sevimli shoirim Rasul Hamzatov oʻz tilini jahon minbaridan yangramasa-da shunchalar buyuk va suyukligi haqida yozgan edi... Enajon tilim, Sen jahon minbarida yangrading. Seni dunyo eshitdi. Asrlar silsilasidan oʻtgan, bashariyatning ravnaqi yoʻlida yaxshilikning qoʻlidan tutgan, taqdiridan ezgu mujdalar kutgan sendek samimiy tilim borligidan, Seni dunyoga olib chiqqan Yoʻlboshchim borligidan faxrlanaman.
Prezidentimizning nutqlarini eshitar ekanman qalbim ham, vujudim ham qulogʻimga aylandi. Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar Huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusini qoʻllab-quvvatlash haqida aytgan soʻzlarini eshitib, shu Vatanda unib-oʻsayotgan bir yosh sifatida koʻksim gʻururga toʻldi.
Nasib qilsa, 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro forumda ishtirok etishni, oladigan taassurotlarimni kitob qilib yozishni maqsad qilib qoʻydim.
Bugun boʻlajak filolog sifatida men uchun oʻzbek tili bayrami. Onajon til, har kuning bayram boʻlsin. Bayramga tadorik koʻrguvchilar sogʻ-omon boʻlishsin.
Yorqinjon HAYITBOYEV,
Guliston davlat universiteti talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring