Ombudsmanning mintaqaviy vakili maktabga nega bordi?

12:47 20 Fevral 2024 Jamiyat
307 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz 1992-yilning 9-dekabrida BMT Bosh Assambleyasining “Bolalar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasiga qoʻshilgan boʻlsa-da, yaqin-yaqinlargacha bola huquqlariga bepisand munosabat hukm surib, mehnatga majburiy jalb etish, odam savdosi, oiladagi zoʻravonlik kabi illatlardan farzandlarimiz jabr koʻrganligi hali koʻpchilikning yodidan chiqqani yoʻq.

Prezidentimizning 2019-yil 23-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida nazarda tutilgan bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va maʼnaviy yetuk avlod boʻlib yetishishini taʼminlash, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining “Bolalar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi talablarini har tomonlama hayotga tatbiq etish yoʻlida tarixiy qadam boʻldi. Bola huquqlarining kafolatlari doirasida bir qator meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, keng koʻlamdagi targʻibot va tashviqot tadbirlari yoʻlga qoʻyildi.

Xususan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Ombudsman soati” loyihasi doirasida yoshlarning Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Huquqlarimni kim taʼminlaydi?”, “Ombudsman huquq himoyachisi” mavzularida interfaol mashgʻulotlar oʻtkazilib, uning navbatdagisida Respublika Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Navoiy shahridagi 16 va 22-sonli maktablarning bitiruvchi sinf oʻquvchilari bilan uchrashdi.

— Oʻz huquq va majburiyatlarini bilish fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatning muhim sharti, — deydi Ombudsmanning mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev. — Huquqlarini bilgan kishi nafaqat oʻzini himoya qiladi, balki uning amaldagi qonunchilikka hurmat qilishi ortib, huquqiy madaniyati yuksaladi.

“Ombudsman soati”da mamlakatimizda “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiya qoidalarini qonunchilikka tatbiq etish, bolaning shaxsi, shaʼni, qadr-qimmati, huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasiga butun jamiyat va davlatni faol jalb etish ombudsman instituti faoliyatining ajralmas qismi ekanligi oʻquvchilarga tushuntirildi.

“Ombudsman huquq himoyachisi” rolli oʻyini orqali esa oʻquvchilar Ombudsman sifatida inson huquqlari va erkinliklarining buzilishi bilan bogʻliq ishlar boʻyicha qaror qabul qilish jarayonini namoyish etishdi.

Yoshlar muhokamada, Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi asosida faktlarni tahlil etish, oʻz qarorlarini dalillash va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер