Oltiariqda Navroʻz shukuhi
Foto: Халқ сўзи
Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida Navroʻz umumxalq bayrami milliy urf-odat va anʼanalarimizga uygʻun holda kutib olinmoqda.

Tumanning chekka hududlaridan biri boʻlgan “Azimobod” MFYda “Assalom, Navroʻz — yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!» shiori ostida oʻtkazilgan tantana kattayu kichikka birdek quvonch ulashdi.

Xalq saylida xalqimizga xos boʻlgan mehr-muruvvat fazilatlari namoyon etilib, nuroniy otaxon va onaxonlarga yuksak ehtirom koʻrsatildi, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi, hudud obodonlashtirilib, koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Ikkinchi sektor – tuman prokuraturasi tashabbusi, hududdagi fermerlarning qoʻllab-quvvatlashi tufayli 12 nafar bolajonlarning sunnat toʻyi oʻtkazildi.

Navroʻz shodiyonalariga milliy xalq oʻyinlari, folklor jamoalarining chiqishi, polvonlar bellashuvi, dorbozlarning dor oʻyinlari, harbiy texnikalar koʻrgazmasi, arqon tortish, futbol, stol tennisi musobaqalari, sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari yanada fayz baxsh etdi.

— Nuroniylarimiz duoga qoʻl ochib, yurtimizga tinchlik-omonlik, boshlanayotgan dehqonchilik yumushlariga qut-baraka tiladilar, — deydi “Azimobod” MFY raisi Baxtiyor Elchiyev. — Bunday bayram shukuhlari mahallamizning har bir oilasiga kirib borib, odamlarimizda yaratuvchanlik, yurt taqdiriga daxldorlik hislarini mustahkamlaydi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring