Olijanob orzu-umidlar ro’yobi
Davlatimiz rahbarining “2018 yilgi Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida”gi qarorini xalqimiz, jumladan, biz, nuroniylar ham katta xursandchilik bilan qarshi oldik. Xususan, bayramning umumxalq sayillari shaklida o’tkazilishi barchamizni behad quvontirdi.

Bu asriy an’analarimiz hamda udumlarimizga to’la mos keladi. Negaki, olis o’tmishga nazar tashlaganimizda ham xalqimiz Navro’zni hamjihatlikda nishonlagani, joylarda sayillar o’tkazilganini ko’ramiz. Bu odamlar o’rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qilgan. Ayniqsa, keksalar, nogironligi bo’lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olishdek ezgu amallar, ommaviy hasharlarni amalga oshirishda ushbu bayramning o’rni hamda ahamiyati katta.
Qarorda ta’kidlanganidek, kishi o’zini tabiatning ajralmas bir qismi deb his etmog’i, ona-zaminni asrashi, tinch va farovon hayotni qadrlamog’i lozim. Yoshlarni ham shunga da’vat etish maqsadga muvofiq. Bunda biz, nuroniylarning zimmasiga katta mas’uliyat tushadi. Ana shuni his qilgan holda, bayramga tayyorgarlik hamda targ’ibot ishlari qizg’in ketayapti. Xususan, yaqinda jamg’armamiz qoshidagi Xotira muzeyida maktab o’quvchilari o’rtasida insholar tanlovini o’tkazdik. O’g’il-qizlarning bahor, tinchlik, inson xotirasi mavzuida yozgan insholarini o’qib, ochig’i, rohatlandik. El-yurtga munosib farzandlar voyaga etayotganidan g’ururlandik.
Navro’z — yaratish, yashnatish ayyomi. Binobarin, davlatimiz rahbari joriy yil 16 fevral kuni viloyatimizga tashrifi mobaynida qator g’oya va loyihalarni amalga oshirish kerakligini ta’kidlaganida, juda xursand bo’ldik.
Olamga mashhur Etti pir — Bahouddin Naqshband, Abduxoliq o’ijduvoniy, Orif Revgariy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Mahmud Fag’naviy, Sayyid Amir Kulol ziyoratgohi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu majmualar qayta ta’mirlanib, qo’shimcha bino hamda inshootlar quriladi. Atrofi obodonlashtirilib, mehmonxona, choyxona, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etiladi.
Bundan tashqari, vohada turizmni rivojlantirish, qishloq xo’jaligi va sanoatni yuksaltirish, Buxoroning eski shahar qismida zamonaviy hamda tarixiy jozibadorlikni saqlagan holda, turarjoy va inshootlar bunyod qilishga oid ko’rsatmalar jonajon yurtimiz obodligini ta’minlaydi.
Shunday ekan, Navro’z ayyomi bu yil xalqimizning olijanob orzu-umidlari ro’yobi sifatida yurtimiz tarixidan munosib o’rin oladi, deb o’ylaymiz.
Yusuf QURBONOV,
O’zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo’llab-quvvatlash
«Nuroniy» jamg’armasi Buxoro viloyati bo’limi faoli,
«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring