OKMK yoshlarga qanday eʼtibor qaratmoqda?

18:38 25 Iyun 2020 Jamiyat
1485 0

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati maʼmuriyati Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Yoshlar kuni”iga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazdi. Unda, kombinat maʼmuriyati, yoshlar yetakchilari OAV vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, OKMK Yoshlar ittifoqi safida 13 ming 856 nafar yigit-qizlarni birlashgan. Bu yerda mehnat qilayotgan yoshlarga ishlashi va oʻz isteʼdodlarini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ularning intiluvchanlik salohiyatini yuzaga chiqarishga yoʻnaltirilgan “Yosh texnologlar”, “Yosh konchilar” kabi kengashlar hamda “Konchilar klubi”, “Metallurglar klubi”, “Boyituvchilar klubi”, “Mexaniklar klubi”, “Energetiklar klubi” kabi oʻnlab toʻgarak va uyushmalar faoliyat koʻrsatmoqda.

Jamoada mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusni keng targʻib qilish borasida ham ibratli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Yigit-qizlarning bilimi va kasbiy malakasini oshirish maqsadida muntazam oʻtkazilayotgan “Bilimdonlar maydoni”, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlar natijasida yoshlar mehnat va tahsildan boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanishmoqda.

Kombinatda “Ustoz-shogird” anʼanalari ham yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi bilan ibratlidir. Har bir korxona va boʻlinmalarda “Yilning eng yaxshi yosh murabbiyi” koʻrik-tanlovida yoshlarga konchilik sirlarini oʻrgatayotgan ustozlar mehnati munosib taqdirlanmoqda. “Yilning eng yaxshi yosh rahbari” tanlovi gʻolib va sovrindorlari boʻlgan yosh mutaxassislar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha bosh muhandis, bosh mutaxassis va boʻlim rahbarlariga biriktirilib, ularning nomzodlari rahbarlik lavozimlariga ilgari surilmoqda.
 

OKMKning iqtidorli ishchi yoshlariga oliy oʻquv yurtlarining sirtqi va kechki boʻlimlarida tahsil olishi uchun tavsiyalar berish amaliyoti ham joriy qilingan.

Yoshlar oʻrtasida kitob mutolaasini shakllantirish uchun dunyodagi eng ommabop 100 ta kitob targʻiboti yoʻlga qoʻyildi.

“Yoshlar - kelajak bunyodkori” shiori ostida sportning ommaviy turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan bellashuvlarda 3000 nafardan oshiq yigit-qizlar qatnashadi.

Milliy matbuot markazidagi anjumanda bu jarayonlarga batafsil izohlar berilarkan, Rossiya, Ispaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan kombinat yoshlari bilan bevosita onlayn muloqoti oʻtkazildi. Xorijda tahsil olayotgan yoshlar oʻz vatandoshlarini ommaviy bayram bilan samimiy qutladilar. Hozirgi kunda, birgina Moskva shahridagi “MISiS” Milliy texnologik tadqiqotlar universitetning kunduzgi va sirtqi boʻlimlarida 13ta mutaxassislik boʻyicha 112 nafar talaba hamda kombinat mablagʻlari hisobidan respublikamizning oliy taʼlim dargohlarida 6ta mutaxassislik boʻyicha 316 nafar kombinat ishchi-xodimlari tahsil olishmoqda.

Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻtgan 2019-yilda oliy taʼlim dargohlarini bitirgan 137 nafar, shuningdek, kollej bitiruvchilaridan 500 nafar yigit-qizlarning bandligi taʼminlandi. Bulardan tashqari, mamlakatimizdagi 17ta va 8ta chet eldagi oliy taʼlim muassasalarining 700-800 nafar talabalari hamda kombinat bilan doimiy hamkorlikdagi kasb-hunar kollejlarining 2 ming nafardan ortiq talabalari oʻzlarining amaliy bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida imzolangan shartnomalarga muvofiq ishlab-chiqarish jarayonlarida qatnashib tegishli diplomga ega boʻldilar.

Milliy matbuot markazidagi tadbirda jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga ham atroflicha javoblar qaytarildi.

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер