Oilaviy tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yuritishni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka ko‘ra yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyektlari uch nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli ekanligi belgilangan. Ishchilar sonining uch nafar etib belgilangani oilaviy tadbirkorlik subyektlariga ish hajmini va faoliyat ko‘lamini oshirishda muammolarni yuzaga keltirayotgani bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Ushbu qonun loyihasiga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik subyektlari endi uch nafar emas, balki besh nafargacha doimiy ishchini yollaydi, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli hisoblanadi hamda o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining zarurati va ahamiyatini hisobga olib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Qizg‘in davom etgan baxs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasini ma’qullandi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi bo‘ldi.
Qayd etilganidek, mamlakatimio‘da arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi. Arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish borasida ijobiy natijalarga erishildi. Milliy arxiv fondi O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlar bilan yanada boyitildi.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun arxiv hujjatlarining to‘liqligi, ularni hisobga olish va saqlashga qo‘yiladigan talablar soddalashtirildi. Jumladan, arxiv hujjatlari muddatlari qayta ko‘rib chiqilib, ularning uzoq muddat saqlanishi lozim bo‘lgan turlari qisqartirildi.
Ammo bugungi kunda nodavlat elektron arxivlar tashkil etishni tartibga soluvchi tartib-taomillarni soddalashtirish zarurati mavjud. Mazkur qonun loyihasi nodavlat arxivlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining juda zarurligi, uni takomillashtirish bo‘yicha berilgan takliflar e’tiborga olinganini hisobga olib, hujjat loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring