Oilada fidoyi, jamiyatda faol
Foto: Xalq so‘zi
Qishdan zerikkan qalblar bahor nasimlaridan yayramoqda. Tabiat uygʻonmoqda, yasharmoqda, yangilanmoqda. Mana shunday huzurbaxsh kunlarda bahorning oʻzi kabi tarovatli ayyomi borki, uning fayzu quvonchini soʻz bilan taʼrif etish mushkul. Shunisi aniqki, bu kun deyarli har bir xonadonga anvoyi gullar timsolida onalarimizga, opa-singillarimiz. rafiqamiz va qizlarimizga boʻlgan mehru muhabbatimiz yana bir bor dildan tilga koʻchadi.
Shu kunlarda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan bayram tantanalari yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotgani zamirida ham moʻtabar ayollarimizga boʻlgan yuksak eʼtibor va ehtirom mujassam.
Andijon shahrida oʻtgan asosiy bayram tadbirida viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov opa-singillarimizning jamiyatda va oilada tutgan oʻrni nechogʻlik muhim ekani haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

— Bugun biz, ayollarga eʼtibor tobora oshib borayotganini taʼkidlash joiz, — deydi andijonlik mehnat faxriy Zarifa Usmonova. — Qaysi bir sohaga razm solmang, opa-singillarimizning munosib ishtirokiga guvoh boʻlasiz. Tikuvchilikdan tortib rahbarlikkacha, oʻqituvchilikdan tortib deputatlikkacha boʻlgan vazifalarda ular sidqidildan mehnat qilmoqdalar. «Yoshlar daftari», «Temir daftar», «Ayollar daftari»ning tarkib topishi esa jamiyatda hech bir ayolning eʼtibordan chetda qolmasligiga sabab boʻlmoqda. Bugun foydali ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmagan safdoshlarimizning oʻzi yoʻq. Boisi, hatto uyda oʻtirib, keksalar parvarishi bilan band boʻlgan yoki kaftdekkina tomorqasida ekin yetishtirgan ayol ham oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlovchilar safiga qoʻshildi. Buning ortidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar esa ularning jamiyatda oʻz oʻrnini egallashlariga sharoit yaratmoqda.
Tadbir doirasida bir guruh faol xotin-qizlarga «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni topshirildi.
Fargʻona shahridagi “Wine Garden” tantanalar majmuasida viloyat hokimi X. Bozorov 400 nafardan ziyod tantana qatnashchilari va ular timsolida fargʻonalik barcha ayollarga eng ezgu tilaklarini bayon etdi. Keyingi yillarda yurtimizda barcha jabhada yuksak marralarni qoʻlga kiritishda duogoʻy onajonlarimiz, munisa opa-singillarimizning oʻrni beqiyos ekanligini alohida mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida davlatimiz rahbari tomonidan hayotbaxsh islohotlar samarasi har bir oila va inson hayotida yaqqol namoyon boʻlishi eng ustuvor vazifa sifatida belgilangani aytib oʻtildi.

Bayram tadbirida Fargʻona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanishida fidoyilik koʻrsatib kelayotgan bir guruh faol ayollar nomi tilga olindi, 22 nafar xotin-qizga «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni taqdim etildi.
— Bu ragʻbatdan boshimiz koʻkka yetdi,-deydi Margʻilon shahridagi «Ipak yoʻli» MFYda tashkil etilgan «Oqila ayollar» harakati aʼzosi Muruvvatxon Salimova. — «Moʻtabar ayol» koʻkrak nishoni topshirilishi esa menga oʻzgacha gʻayrat-shijoat baxsh etdi. Bundan buyon ham jamiyatimiz baxti va ravnaqi uchun kuchim boricha mehnat qilaman.
Xorazm viloyatida goʻzallik va nafosat bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tantanaga shahar-tumanlardan faol ayollar, iqtidorli qizlar taklif etildi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi J. Raximov voha ayollarining ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, tadbirkorlik hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida erishayotgan yutuqlarini sanab oʻtdi.

— Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarga hurmat-ehtirom koʻrsatish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, yordamga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, har bir ayolning oʻz hayotidan rozi, mamnun boʻlib yashashi uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish har qachongidan yuksak pogʻonaga koʻtarilgan, — deydi Gurlan tumanidagi 5-sonli maktab direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Anor Mahmudova. — Birgina viloyatimizning oʻzida xotin-qizlarning 33 ming 500 nafari tadbirkorlik, 220 nafari fermerlik faoliyati bilan shugʻullanayotgani, 2 ming nafarga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani quvonarlidir. Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlarga «Ayollar daftari» orqali koʻmak berish, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ilm olishi, kasb-hunar oʻrganishi hamda bandligini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar ularning oʻziga va ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.
Tadbirda faol xotin-qizlarga viloyat hokimining faxriy yorliq va sovgʻalari topshirildi. Sanʼat ustalari ijrosidagi musiqiy dastur, dildan suhbatlar bir piyola choy ustida davom etdi.
Saminjon HUSANOV,
Botir MADIYOROV,
Odilbek ADAMBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring