Ochiqlik – korrupsiya kushandasi
Foto: Халқ сўзи
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyat filiali, viloyat hokimligi va Jizzax viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi hamkorligida davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, oʻtgan davrda Jizzax viloyatidagi 14 mahalliy hokimiyat organlari hamda ellikka yaqin davlat organlari va tashkilotlarining hududiy boʻlimlarida ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etish ishlari namunali yoʻlga qoʻyildi.
— Manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelmasligi va ochiqlikni taʼminlash maqsadida ishga talabgor nomzodlar oʻrtasidagi tanlovlarning test va suhbat bosqichlari YouTube ijtimoiy tarmogʻidagi “ARGOS Jizzax” kanali hamda Vacancy.argos.uz | Online Telegram kanalida toʻgʻridan-toʻgʻri uzatib borilmoqda, — deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyat filiali rahbari Erkin Xolboʻtayev. — Bugungi kunga qadar hududiy davlat organlari va tashkilotlarida 3 ming 93 ta vakant oʻrinlari uchun ochiq mustaqil tanlovlar yakunlangan, 532 ta vakant oʻrinlar uchun esa tanlovlar davom etmoqda hamda 79 ta vakant oʻringa hujjatlar qabul qilinmoqda. Yakunlangan tanlovlarda 29 yarim mingdan ortiq nomzodlarning arizasi koʻrib chiqildi. 15 ming 430 nafar nomzod tanlovning test bosqichiga, 12 ming 677 nafari suhbat bosqichiga oʻtdi. Natijaga koʻra 1 ming 127 nafar tanlov gʻoliblari bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Tadbirda agentlik tomonidan bugungi kunda vakant lavozimlar boʻyicha Milliy kadrlar zaxirasi bazasi boʻyicha kadrlar.argos.uz, xodimlar samaradorligini oshirish boʻyicha kpi.argos.uz, xodimlar malakasini oshirish boʻyicha ilm.argos.uz va shu kabi 18 ta platforma ishga tushirilgani, kelgusida vazirlik va idoralarda, ularning quyi tuzilmalarida kadrlar siyosatini yuritish, inson resurslarini boshqarish holatini baholab borish boʻyicha reyting.argos.uz elektron platformasi ham tashkil etilgani, bu orqali tashkilotlarning kadrlar bilan ishlash borasidagi faoliyatlari baholab borilishi yuzasidan batafsil axborot berildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring