Obod mahallada baxtli insonlar yashaydi

13:19 20 Mart 2025 Jamiyat
638 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrining Qorasuv massividagi Shodiyona mahallasi namunali MFYlaridan hisoblanadi. Mahallada ijtimoiy-maʼnaviy muhit yaxshilangani bois xonadonlar obod boʻlib bormoqda. “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar va ularga koʻrsatilayotgan yordam tufayli kechagi kambagʻallar bugun ish beruvchiga aylangan. Navroʻz bayrami kunlarida mazkur hududda 1680 oʻrinli yangi 82-umumtaʼlim maktabi tantanali ravishda ochilgani aholining shodligiga shodlik qoʻshdi.

— Qorasuv maskanida aholi koʻp. Yangi maktablarga katta ehtiyoj bor edi. Bugungi ochilgan maktab orzularimizning ijobati boʻldi, — dedi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Muzaffar Hamdamov. — Yangi maktab shu yilning sentyabrida ishga tushiriladi. Mazkur maskanda 1100 oʻrinli xususiy maktab qurilayotgani ham kelajak avlodga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtiborning yorqin namunasidir.

Shodiyona mahallasi hududida 1,2 gektar yer maydonida qurilgan ushbu maktabni bunyod etish uchun davlatimiz tomonidan 37 milliard 100 million soʻm mablagʻ ajratildi. Davlatimiz rahbari rahnamoligida kelajagimiz egalariga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrlikdan mahalla ahli minnatdor. Aslida ham yurtning ertangi ravnaqini ilm-maʼrifatga boʻlgan eʼtibor belgilaydi.

— Mahallamiz ziyolilardan iborat. Bir oy oldin 670 nafar oʻqituvchi talabgor sifatida ishga kirish uchun ariza topshirdi, — dedi maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Nizomiddin Odilov. — Tanlov asosida talabgorlarning 67 nafari ushbu maktabga ishga qabul qilindi. Test sinovida 70 balldan past toʻplagan pedagoglarga qayta malakasini oshirib kelish uchun tavsiyalar berildi. Bular orasidan eng bilimli oʻqituvchilar saralab olindi.

Yangi 82-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga hududdagi 80-, 81-maktablardan bolalar qabul qilinmoqda. Ayni paytda 700 nafarga yaqin bola mazkur ilm maskanida toʻrtinchi chorakdan darslarni boshlab yubordi.

“Shodiyona” mahallasiga katta shodiyona sifatida Samarqand shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-son tugʻruq majmuasining zamonaviy binosi ham foydalanishga topshirilgani ona-bola salomatligini muhofazasiga qaratilgan eng muhim ishlardan biri boʻldi. Shu paytga qadar mazkur tugʻruqxona Buyuk ipak yoʻli koʻchasidagi 1977-yilda qurilgan binoda faoliyat olib borgan. Sogʻlom farzandni dunyoga keltirish har bir onaning orzusi. Yangi tugʻruq majmuasi 200 oʻringa moʻljallangan. Ayollarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu sogʻlom avlodni dunyoga keltirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishda yuqori samaralarga erishishiga ishonchimiz komil.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер