OAV: Ukraina MDHdan chiqsa milliardlab dollar zarar ko‘radi
Ukrainaning Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi(MDH)dan chiqishi unga milliardlab dollar zarar keltiradi.
Polshaning Rzeczpospolita gazetasining yozishicha, Ukraina MDH a’zosi bo‘lmagani, lekin Hamdo‘stlik doirasida minglab kelishuvlarga imzo chekkanini eslatib o‘tadi. Mazkur hujjatlar gumanitar sohalar, immigratsiya masalalari, huquqiy axborotlarni almashish, hujjatlarni o‘zaro tan olish, alimentlarni undirish, pensiya to‘lovi, vizasiz rejim va boshqa ko‘plab jabhalardagi hamkorlikni o‘z ichiga olgan.
Birgina erkin savdoga oid shartnomani olib ko‘raylik. Ukrainalik iqtisodchi Aleksandr Oxrimenkoning aytishicha, mazkur bitim juda muhim sanalib, uni buzish katta yo‘qotishlarga olib keladi. Yangisini tuzish esa ko‘p vaqt talab qiladi. Bundan tashqari, birgina o‘tgan yilning o‘zida MDH davlatlari bilan savdo aylanmasi 16 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Boz ustiga, bu borada Kiyevning asosiy sherigi Moskva bo‘lib qolayapti.
“Agar Ukraina ushbu shartnomalarni bekor qilganda edi, uch milliondan ziyod ukrainalik ishchilar Rossiyada ishlay olmagan bo‘lar edi. Kiyev Hamdo‘stlikdan chiqishni boshqalarga ko‘rsatib qo‘yish uchun hamma narsani qilayapti. Gruziya MDHni shu ko‘yi tark etdi. Lekin o‘ziga foydali bo‘lgan shartnomalarga rioya qilmoqda”, — deydi professor Andrey Suzdalsev.
Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko MDH doirasida imzolangan barcha xalqaro kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish va ular ichida davlatning milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydigan “foydasiz”laridan voz kechish niyatida ekanligini ta’kidlagandi.
Bundan tashqari, nashr Kiyevning Hamdo‘stlikning ustav organlaridagi faoliyatini uzil-kesil to‘xtatish bo‘yicha ham tegishli farmon qabul qilinganiga to‘xtalib o‘tgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring