NYT: Eronning yangi oliy rahbari jarohat olgani sababli omma oldiga chiqmayapti
Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy Isroil va AQSH harbiy operatsiyasining birinchi kunida oyogʻidan jarohat olgan. Shu sababli u saylanganidan beri omma oldida koʻrinish bermadi va hech qanday bayonot bilan chiqmadi, deb xabar bermoqda The New York Times.
NYT suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, Xomanaiyning jarohatlangani haqida ularga hukumatdagi yuqori martabali shaxslar maʼlum qilgan. Taʼkidlanishicha, Eronning yangi oliy rahbari hushida va aloqa vositalari cheklangan, alohida qoʻriqlanadigan joyda qolmoqda.
Mujtabo Xomanaiyning jarohat olganiga bilvosita dalillardan biri sifatida davlat televideniyesi va “Irna” davlat agentligidagi xabarlar koʻrsatilmoqda. U yerda Eronning yangi oliy rahbari saylanganidan soʻng “jarohatlangan urush faxriysi” deb atalgan.
Eronda Mujtabo Xomanaiyning jarohatlangani inkor etilmoqda. Mamlakat prezidentining oʻgʻli Yusuf Pezeshkiyon yangi oliy rahbarning sogʻligi joyida ekanini aytdi.
— Men janob Mujtabo jarohat olgani haqidagi xabarni eshitdim. U bilan aloqada boʻlib turgan doʻstlarimdan soʻradim. Ularning aytishicha, Xudoning marhamati bilan u sogʻ-omon va hech qanday muammo yoʻq, — dedi u.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring