Nurafshon — poytaxt bilan raqobatlashadigan shahar boʻladi
Bir vaqtlar Oʻrta Chirchiq tumani markazi sanalgan Toʻytepa shaharchasida odamlar pastqam va koʻrimsiz xonadonlarda istiqomat qilishardi. Aholi yillar davomida ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi taʼminotidagi muammolardan qiynalib keldi. Viloyatning maʼmuriy markazi bu yerga koʻchirilgach, Toʻytepa — Nurafshon shahriga aylandi.
Davlatimiz rahbarining “Respublika boʻysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida bugun hududda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Bunda “ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan ishlab chiqilgan Nurafshon shaharining Bosh rejasi muhim oʻrin tutmoqda.
Mazkur rejaga koʻra, 2035-yilgacha 3248,2 gektar umumiy yer maydoniga ega boʻlgan, serfayz shahar qad rostlaydi. Umumiy uzunligi 10,5 km., kengligi 42 metrni tashkil etuvchi, xalqaro talablar darajasidagi ravon va koʻrkam Toshkent yoʻli bunyod etilayotir.
Ushbu koʻchaning foydalanishga topshirilgan qismida, bir paytlar toʻkilay, deb turgan paxsa devorli pastqam hovlilar va oʻnqir-choʻnqir loy koʻchalardan iborat mahallalar boʻlardi. Bugun ular oʻrnida yuzdan oshiq koʻp qavatli koʻrkam turarjoy binolari, aholiga tezkor va namunali xizmat koʻrsatuvchi bank muassasalari hamda ijtimoiy-maʼmuriy binolar qad rostlayotganini koʻrib koʻz quvonadi.
Yangi xonadonlarga toza ichimlik suvi quvurlari tortilib, oqova suv tarmoqlari oʻrnatildi. Koʻchalar yoritish ustunlari va oltita elektr taqsimlash punkti bilan taʼminlandi. Qisqasi, Nurafshon oʻz nomiga mos yangi tipdagi shaharga aylanmoqda.
Bunyodkorlikning soʻnggi yutuqlari mujassam
...Toshkent yoʻli orqali shaharga kirib kelarkansiz, koʻchaning ikki yuzida qad rostlayotgan osmonoʻpar binolar shodasi sizni qarshilaydi. Ularni qurishda shaharsozlikning soʻnggi yutuqlariga tayanilganligi yaqqol koʻzga tashlanadi.
Ayrim turarjoylar loyihasi bilan tanisharkanmiz, binoning tepa qavatida ushbu muassasa xodimlarining oʻzlari ham shinam xonadonda yashashlari uchun sharoitlar yaratilishi koʻzda tutilganiga guvoh boʻldik. Bularning barchasi mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholining turmush farovonligini yuksaltirishga berilayotgan jiddiy eʼtibori natijasidir.
Birgina misol, Prezidentimizning tegishli Farmoni doirasida “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida «Oʻzshaharinvest» IK tomonidan 9 ta 16 qavatli turarjoy binosi barpo etilmoqda.
Toshkent yoʻli koʻchasiga tutashib ketgan “Qumariq” mahallasini aylanarkanmiz, kishilar bilan suhbatlashib, ular kayfiyatida shahardagi bunyodkorliklardan oʻzgacha mamnunlikni his etdik.
—Qad rostlayotgan katta shaharning shamoli koʻchalarimizga obodonchilik, turmushimizga farovonlik olib kirdi,-deydi mahalla oqsoqoli, xalq deputatlari Nurafshon shahar kengashi deputati Komiljon Marajabov. — Xonadonlar tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Asosiysi, shom tushishi bilan mavjud 365 xonadondagi elektr chiroqlari uchmaydigan boʻldi. Qishda loy, yozda tuproq kechiladigan koʻchalar asfaltlanib, tungi yoritgichlar oʻrnatildi. Zamonaviy maktablar va bogʻchalar qurilmoqda.
Ochigʻi, keyingi uch yil ichida qad rostlagan osmonoʻpar binolar aholimizning tushiga ham kirmagandi. Bu uylardagi shinam xonadonlarni aytmaysizmi, koʻrib ham quvonasiz, ham havas qilasiz.
Shahardagi barcha bunyodkorliklarda mahalliylashtirish Dasturi ijrosining taʼminlanayotgani ham ayni haqiqat. Axir bir paytlar, metallni qoʻyib turing, oddiy gʻishtni ham chetdan keltirardik-ku! Yangi shahar import oʻrnini bosuvchi mahalliy mahsulotlardan qad rostlamoqda. Inshootlar qurilishida Ohangaronda eksport uchun ishlab chiqarilayotgan gazablok gʻishtlar, armaturalar, Angren kichik sanoat zonasidan keltirilayotgan chinni koshinlar, dekorativ boʻyoq va qoplamalardan samarali foydalanilayotgani kishini faxrlantiradi.
“BRT” tizimidagi alohida maxsus qatnovli yoʻl
Viloyatda odamlar ogʻirini yengil qilish, xizmatlar koʻrsatish sohasini rivojlantirish, yoʻlovchi transportidan foydalanishda aholiga qulayliklar yaratish borasidagi vazifalar talaygina.
Viloyat maʼmuriy markazini Toshkent shahri bilan bogʻlovchi, hozirda kuniga 38 mingta transport vositalari qatnayotgan 24,4 kilometr uzunlikdagi Nurafshon — Qoʻyliq avtomobil yoʻlini zamonaviy uslubda qayta qurish borasida Turkiyaning taniqli “Kalion Ulastirma” muhandislik kompaniyasi joʻyali fikrlarni ilgari surmoqda.
Chunki viloyat, aynan, Nurafshon va Bekobod shaharlari hamda Boʻka, Piskent, Oʻrta Chirchiq tumanlari aholisini mamlakatimiz poytaxtiga kelib- ketishlarini taʼminlovchi bu yoʻl alohida ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi. Biroq yaqin yillarda, Toshkentdan chiqish bilan boshlanadigan tirbandlik muammosi yuzaga kelishi mumkin. Masalaning ana shu jihatlari bu joyda zamonaviy kommunikatsiyalarga ega boʻlgan qatnov trassasiga ehtiyoj borligini koʻrsatmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ilgari surayotgan ushbu loyihaga koʻra, Nurafshon shahrida xalqaro talablar darajasidagi zamonaviy avtostansiya bunyod etiladi. Xususan, Qoʻyliqdan Nurafshonga kelgunicha yoʻl boʻylab beshta bekat quriladi. Ularning har biri oʻz arxitektura dizayni, yoʻlovchilarga koʻrsatilajak xizmati bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu zamonaviy trassaning oʻrta qatnov qismida esa jamoat transportlari hamda tezkor avtobuslar uchun (BRT tizimli) alohida maxsus yoʻlaklar joylashadi.
“Smart city” konsepsiyasi
Nurafshonda barpo etilayotgan “Aqlli shahar” (“Smart City”) haqida soʻz ketganda, bu haqda viloyatning katta-kichigi faxr va iftixor bilan soʻzlaydi. Boisi yaqin kelajakda viloyatning maʼmuriy markazi butunlay boshqacha qiyofaga kiradi. Yevropada, jumladan, Italiya, Rossiya, Boltiqboʻyi mamlakatlari va Xitoyda tajribadan oʻtgan “Aqlli shahar” loyihasi mazkur hududda tatbiq etilmoqda.
Ilgari surilayotgan “Smart City” konsepsiyasi mohiyatiga koʻra betakrordir. 246 gektar hududni egallovchi bu moʻjizaviy shahar bagʻrida tungi yoritgichlar bilan taʼminlangan keng va ravon koʻchalar, ertayu kech odamlar xizmatidagi favvoralar otilib turgan xiyobonlar, betakror, biri-biridan goʻzal, baland qavatli turarjoy va maishiy-maʼmuriy binolar, savdo shoxobchalari kabi yuzlab majmualar qad rostlaydi. Nurafshonning yaqin kelajakdagi maftunkor manzarasi mana shunday innovatsion yechimga ega boʻladi.
— Nurafshon shahrini qurish Bosh rejasiga koʻra, “Smart City” loyihasi asosida bunyod etiladigan yangi shaharda 200 ga yaqin ijtimoiy-maʼmuriy binolar quriladi,-deydi shahari bosh meʼmori Xayrulla Xoʻjamqulov. — Bular orasida viloyat hokimligi, Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatlari agentligi, innovatsiya va turizmni rivojlantirish boshqarmalari, zamonaviy sanʼat galereyasi, kutubxona, Media markaz (viloyat televideniyesi), anjumanlar saroyi (kongress-xoll), pansionatlar, istirohat bogʻi, dendropark, planetariy, texnopark, akvapark, teatr, “Nurafshon” universiteti, yoshlarni iqtisodiyot va texnika yoʻnalishidagi mutaxassislikka tayyorlovchi oliy oʻquv yurtlari, xalqaro ixtisoslashtirilgan maktab, 5 ta 3 ming 600 oʻquv oʻrinli umumtaʼlim maktabi, 1 ming 160 oʻringa moʻljallangan 8 ta MTM, Prezident maktabi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi boʻlimi, ming oʻrinli zamonaviy masjid binosi, yopiq suv havzasi, badiiy gimnastika, tennis, kurash, qilichbozlik kabi yoʻnalishlarni oʻzida jamlagan sport majmuasi, muz saroyi, stadion kabi inshootlar qad rostlaydi.
Shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sherzod Usmonovning bu boradagi fikrlari quyidagicha:
— Nurafshon shahrining Toshkent yoʻli koʻchasi va “Smart City” hududiga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Oʻrtasaroy” gaz taqsimlash stansiyasini shahardan uzoqroq hududga koʻchirishga kirishildi. “Navroʻz” va “Evalak” mahallasida 2 ta vertikal nasos stansiyasi qurildi. “Qumariq”, “Dehqonobod”, “Oppoq” mahallalaridagi mavjud nasos stansiyalari taʼmirlanib, 25 km masofaga ichimlik suvi quvurlari yotqizildi. Shahar elektr taʼminoti tizimida ham muayyan ishlar qilindi. Elektr uzatish tarmoqlari mukammal va joriy taʼmirlandi.
Toshkent yoʻli koʻchasida jami 801 ta turar va noturar joy binosini buzish rejalashtirilgan. Bugungacha bu borada qilingan ishlar yuzasidan aholiga mahalliy byudjetdan ajratilgan 24,5 mlrd. soʻm miqdoridagi tovon pullari toʻliq toʻlab berildi. Bu boradagi rejaga koʻra, Toshkent yoʻli koʻchasida yana 588 ta turli xil inshoot buzilishi lozim. Dastlabki hisob-kitoblar bu ishlarni amalga oshirish uchun 280 mlrd. soʻm mablagʻ talab etilishini koʻrsatmoqda.
Toshkent yoʻli koʻchasi shahar markaziga kirib boruvchi yoʻl boʻlganligidan transport qatnovida tirbandlik yuzaga kelishi mumkin emas. Shu bois bu boradagi loyiha oʻzining kelajakdagi istiqboli bilan ham ajralib turadi.
Suv keltirgan elda aziz
Shahar mutasaddilari taqdim etgan maʼlumotga koʻra, bugungi kunda Nurafshonda jami 50 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularni ichimlik suvi bilan taʼminlash miqdori 32, oqova suv xizmati koʻrsatish darajasi esa 5 foizni tashkil etmoqda.
Aynan shu maʼlumotnomada davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-3-iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida jami 300 mlrd. soʻm qoʻshimcha ajratilgan mablagʻ hisobiga viloyatning ogʻir hududlarida istiqomat qiluvchi aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash va oqova tarmoqlarini yaxshilash yuzasidan koʻrsatmalar berilganligi qayd etilgan.
Tashrifda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan manzilli dastur doirasida Nurafshon shahri aholisi uchun 50,35 km. uzunlikdagi ichimlik suv tarmogʻini barpo etish aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasidagi eng katta va savobli ishlardan biridir. Shuningdek, 30,7 km. masofaga oqova suv tarmogʻini tortish hamda 4000 metr kub hajmdagi oqova suv tozalash inshootini yangidan qurish rejalari ham davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar sirasiga kiradi. Ushbu ishlar toʻliq yakunlangach, shahar aholisining 85 foizi ichimlik suvi, 40 foizi esa oqova xizmati bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keladi.
Qolaversa, Prezident qurilajak Nurafshonning Bosh rejasi bilan tanisharkan, birinchi navbatda infratuzilma tarmoqlarini mustahkam qilib qurish lozimligini taʼkidlab, ularni sifatli ekspluatatsiya qiladigan mutaxassislar tayyorlash, vazirlik va idoralar binolarini optimal joylashtirish boʻyicha topshiriqlar bergandi.
— Albatta, bugungacha bu borada muayyan ishlar qilinmoqda,-deb taʼkidlaydi Sh. Usmonov. — Jumladan, 20,8 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 47,1 km. masofaga ichimlik suv tarmoqlari tortildi. 22,8 km. masofaga esa oqova suv quvurlari yotqizilib, 4000 m3 sigʻimga ega boʻlgan inshoot zamonaviy suv tozalash jihozlari bilan taʼminlandi.
Shuningdek, Toshkent yoʻli koʻchasidagi uzunligi 6,7 km. boʻlgan mavjud havo aloqa liniyalarini koʻchirish, 2,8 km. uzunlikdagi 4-kanalli yangi aloqa quduqlari qurish hamda 6,5 km. uzunlikdagi mavjud quduqlarni taʼmirlash ishlari toʻliq nihoyasiga yetkazildi.
Yangi shahar bagʻridagi zamonaviy sanoat
Hudud infratuzilmasini tubdan oʻzgartirib yuborgan Nurafshonda bir qator sanoat korxonalari ham barpo etilmoqdaki, ular shahar iqtisodiyotining bugungi tashrif qogʻozi, ertangi taraqqiyotidir. “Oybek” MFYda faoliyat koʻrsatayotgan “Textile Mill Tashkent” hamda Degantepa mahallasidagi “Nemo collection” korxonalari yuzlab mahalliy yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan taʼminladi. Birgina “Textile Mill Tashkent” jamoasining oʻzi 2020-yilda Germaniya va Rossiya davlatlariga 3,4 mln dollarlik mahsulot eksport qilishga erishdi.
Tibbiyot yoʻnalishidagi laboratoriya jihozlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Rossa” korxonasining umumiy maydoni 5,0 gektar yerni oʻz ichiga oladi. Uni bunyod etishda 2,5 mln dollar miqdoridagi xorijiy sarmoya kiritildi. Yaratilajak 100 ta yangi ish oʻrinining 30 tasida yoshlar mehnat qiladi. Ushbu loyihaning amalga oshishi natijasida xorijiy yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Biotexnologiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot dasturlariga boʻysundirilgan ushbu korxonada Germaniya, Latviya, Rossiya, Xitoy va Fransiya davlatlari uskunalari asosida IVD mahsulotlari va innovatsion usullarni ishlab chiqish ilmiy jarayoni qamrab olinadi. Bu yerdagi kuchli kadrlar siyosati “Ilmiy muhit” tamoyiliga yoʻnaltirilgan.
Korxonada 2021-yili mahsulotning atigi 10 foizi eksportga yoʻnaltirilsa, 2023-yilga borib, bu koʻrsatkich 70 % ga chiqadi. Mahalliylashtirish darajasi 2021-yildagi 5 %dan, 2023-yilga borib, 30%ga koʻtariladi. Bu yerdagi texnologik jarayon ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan aktual infeksiyalar, virus bilan bogʻliq xavfli oʻsimtalar, autoimun va kardiometabolik kabi kasalliklarni qamrab olishi bilan ham diqqatga sazovordir.
Xalq orzusi
— Bunday shaharni koʻpdan buyon orzu qilardik, Sababi viloyatimiz alohida maʼmuriy markazga ega emas edi-da, — deydi xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi kotibiyat mudiri Sayyora Fayziyeva. — Aholi uchun barpo etilayotgan zamonaviy park va xiyobonlar, koʻrkam va fayzli mahallalar, teatrlar, maktablar, universitetlar, sport inshootlari, bolajonlarga bir paytda uch-toʻrt xorijiy tilni oʻrgatuvchi, innovatsion texnologiya yutuqlari bilan jihozlangan umumtaʼlim maktablari va bogʻchalar, hattoki, metro bekatlari viloyat ahlining azaliy orzusi edi.
Nurafshonning Bosh rejasiga kiritilgan 16 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 9 ta umumtaʼlim maktabi, Toshkent yoʻli koʻchasida qad rostlashi lozim boʻlgan 40 ta 7, 9, 12, 16, 22 qavatli turar-joy binolari hamda “Smart City” hududida qurilajak 100 dan ortiq osmonoʻpar bino va inshootlar shahar koʻrkiga aylanadi.
Toshkent yoʻlida qad rostlagan viloyat adliya boʻlimi, Yoshlar markazi, gipermarket, aholi istiqomat qilayotgan baland qavatli uylar, bir qator banklar ish boshlagan salobatli binolar shu ulkan rejalarning debochasidir.
Ayniqsa, shu paytgacha amalga oshmayotgan Prezident maktabini qurish rejasi yechim topib, 2021-yilda foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilayotgani nafaqat nurafshonliklar, balki, butun viloyat ahli uchun ham eng quvonchli xushxabardir.
— Galdagi vazifalarimiz yana-da masʼuliyatli, — deydi shahar hokimining muovini Sherzod Usmonov. — Toshkent yoʻli koʻchasi boʻylab hamda “Aqlli shahar” hududidagi bino va inshootlarni tabiiy gaz bilan taʼminlovchi ichki gaz tarmoqlarini qurish ishlarini tezlashtirishimiz lozim. Bu yerdagi inshootlarga elektr energiyasi yetkazib berishning birinchi bosqichida “Nurafshon” nimstansiyasi, 6 dona tarqatish punktlari hamda 25 km. uzunlikda yer osti kabel tarmoqlari, shuningdek, 110 kVt kuchlanishdagi «Sergeli-Nurafshon» elektr uzatish tarmoqlarini qurish borasida ham tezkorlik talab etilmoqda. Bugungacha 6 dona tarqatish punktlari (RP)dan 5 tasida ishlar yakunlandi. Yana 2 ta 25 000 kVt quvvatiga ega boʻlgan nimstansiya qurishimiz kerak.
Bunday bunyodkorliklar keng koʻlam va jadal surʼat kasb etayotgani bejiz emas. Zero, davlat rahbari taʼbiri bilan aytganda, «Nurafshon mamlakatimizda shahar qurish boʻyicha yangi tajriba boʻlmoqda. Ijtimoiy soha obyektlari, bu yerdagi shart-sharoitlar Toshkentdagidan kam boʻlmasligi, ular bilan raqobatlashadigan boʻlishi kerak. Albatta, buning uchun har bir loyiha ustida jiddiy ishlash, uzoqni koʻzlab ish tutish kerak”.
...Bahor oʻz sepini yoymoqda. Navroʻz kelib esa koʻrkamlik, betakrorlik, yosharish shabadalari esadi. Bundan odamning kayfiyati ham, ruhiyati ham birdek koʻtariladi.
Yurtimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar zamirida ana shunday yangilanishlarga intilish mujassamdir. Bugungi Nurafshonda ham shu kabi muhit hukmron desak, ayni haqiqatdir. Zero, uning bagʻrida bunyod etilajak “Aqlli shahar” yasharish va abadiyatga daxldorlik ramziga aylanishi shubhasiz.
Shodiyor MUTAHAROV
(“ Xalq soʻzi»).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring