“Notariuslardan harbiylarga bepul huquqiy maslahat” aksiyasiga start berildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining qoʻshma qaroriga asosan 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab harbiy qismlarda ikki kunlik “Notariuslardan harbiylarga bepul huquqiy maslahat” aksiyasiga start berildi.
Ularda harbiy qismlar xizmatchilariga koʻchar-koʻchmas mulklar oldi-sotdi shartnomalari, ishonchnomalar, hadya, vorislik huquqi boʻyicha huquqiy maslahatlar berilmoqda. Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida joylashgan harbiy qismlarda tashkil etilgan aksiyalarda qatnashchilarga yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kitoblari hamda “Notarius maslahati” gazetalari tarqatildi.
Tadbirlarda Notarial palataning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi J. Xudoyberdiyev, Qarshi shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar M. Umbarov, U. Turdiyev, X. Qoʻldoshev, A. Oʻrunov, R. Xonqulovlar qatnashdi hamda harbiy xizmatchilarga oldi-sotdi shartnomalari, ishonchnomalar va meros masalalari yuzasidan huquqiy maslahatlar berdilar. Harbiy qismlar ofitser va harbiy xizmatchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.
— Tadbirlarda 100 nafardan ziyod notariuslar ishtirok etmoqda, — deydi Notarial palataning huquqiy targʻibot boʻyicha maslahatchisi Z. Haydarova. — Joylarda bepul huquqiy maslahatdan tashqari sayyor xizmatlar ham koʻrsatish nazarda tutilgan.
Aksiya davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring