Nega yerning shoʻri qishda yuviladi?
Foto: Xalq so‘zi
Qadimdan ota-bobolarimiz dehqonchilik qilinadigan yerlarda qishda shoʻr yuvish, chilla suviga toʻyintirish yumushlariga alohida eʼtibor bilan yondashgan. Mirishkorlarning fikricha, shoʻri yuvilgan yer turli hashorat va zararkunandalardan tozalanadi, hosildorligi ortadi. Agrar soha olimlari ham yerning shoʻri yuvilganida hosildorlik gektariga 5 sentnergacha oshishini qayd etishadi.
— Bobodehqonlarimiz taʼbiri bilan aytganda, kuzning hosili qishda hal boʻladi, — deydi Fargʻona viloyatidagi “Sirdaryo-Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Hamidjon Burhonov. — Shunga koʻra viloyatimiz hududlarida kuzgi-qishki yumushlarni amalga oshirish, suv inshootlarini taʼmirlash, shoʻr yuvish, chilla suvi berish kabi ishlarni tashkil etish maqsadida koʻrgazmali seminarlar oʻtkazildi.
Bu mavsumda viloyat boʻyicha 54 ming 340 gektar yerning shoʻrini yuvish rejalashtirilgan boʻlib, shu maqsadda 101 ta shoʻr yuvish otryadlari tuzildi. Ularga pol olish traktorlari, pollarni suv bilan toʻldirish uchun masʼullar biriktirildi.
Ayni jarayonda ekin yerlarining shoʻrlanish darajasi oʻrganilib, uning tuproq tarkibi, meliorativ holati, qay darajada shoʻri yuvilsa, tozalanishi melioratsiya ekspeditsiyasi mutaxassislari tomonidan oʻrganildi. Bugungi kunda viloyatning barcha hududlarida melioratsiya, irrigatsiya boʻlimlari, maxsus xizmat xodimlari paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda belgilangan ishlarni izchil bajarmoqdalar.
Shu kunlarda Katta Fargʻona, Janubiy Fargʻona, Katta Andijon magistral kanallari suvi maʼlum muddatga toʻxtatilgan. Bundan koʻzlangan maqsad oʻz vaqtida ekin maydonlarida shoʻr yuvish ishlarini sifatli yakunlashga qaratilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring